Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Valaamdagi muzokaralar oldidan Ukrainadagi mojaro, uni tartibga solish istiqbollari va so‘nggi qurollar haqida bayonot berdi.

Jurnalistlar bilan uchrashuvda Vladimir Putin Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarga umuman ijobiy baho berib, Ukraina bo‘yicha muzokaralar har doim dolzarb va muhim ekanini gapirib o‘tgan.
“Men Istanbuldagi muzokaralarni umuman olganda ijobiy baholayman. Yuzlab odamlarning vatanga qaytgani — qanday qilib bu ijobiy holat bo‘lmasin? Biz insonparvarlik nuqtai nazaridan minglab halok bo‘lgan ukrain askarlarining jasadlarini topshirdik. Buning evaziga vatan uchun jon bergan o‘nlab askarlarimizning jasadlarini oldik”, degan u.
Shu bilan birga, Rossiya rahbari AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan qo‘yilgan ultimatumga ishora qilib, Ukraina bo‘yicha muzokaralar omma oldida emas, balki sokin muhitda jiddiy muzokaralar o‘tkazish kerakligini bildirgan.
“Kimdandir bo‘lgan qandaydir hafsalalar pir bo‘lishi ortiqcha kutishlardan kelib chiqadi. Masalani tinch yo‘l bilan hal qilish uchun asosli, chuqur suhbatlar zarur. Bu suhbatlar omma oldida emas, balki muzokaralar osoyishta muhitida olib borilishi kerak. Shuning uchun biz uchta ishchi guruh tuzishni taklif qildik. Umuman olganda, Ukraina tomoni bunga ijobiy munosabat bildirdi”, degan Putin.
Putinning aytishicha, uzoq muddatli sulh uchun Rossiyaning shartlari o‘zgarishsiz qolmoqda.
“Biz shartlarimizni o‘tgan yil iyun oyida Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvda bayon qilganmiz. Bu rus tilining maqomi, mustaqillik va Ukrainadagi pravoslav cherkovi, xristian cherkovi uchun munosib rivojlanish sharoitlari. Mana shu barcha masalalar birgalikda muhokama qilinishi va hech qanday vaqt chegaralarisiz uzoq muddatli tinchlik asosiga qo‘yilishi kerak”.

AQSH prezidenti Donald Trampning ultimatumiga Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko izoh berdi. U Trampning Rossiyaga qo‘ygan ultimatumini kulgili deb atagan.
“50, 60 yoki 10 kun. Siyosat bunday yuritilmaydi. Agar u tinchlikni istasa, ehtiyotkorlik bilan, puxta yondashuvi kerak. Bu harbiy to‘qnashuv, bu yerda buyruq berib bo‘lmaydi, ayniqsa yadroviy davlatga. Kechirasiz, bu kulgili”, deb javob bergan Belarus rahbari.
Shuningdek, Rossiya prezidenti “Oreshnik” raketalarini tizimli ravishda ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilganini qo‘shimcha qilgan.
“Biz birinchi seriyali “Oreshnik” tizimini ishlab chiqardik. U armiyaga topshirildi. Endi serial ishlay boshladi. Mutaxassislarimiz kelajakdagi pozitsiyalar uchun joy tanladilar va hozirda ushbu pozitsiyalarni tayyorlashmoqda. Demak, biz katta ehtimol bilan yil oxirigacha bu masalani yopamiz”, dedi Vladimir Putin.
Izoh (0)