Salvador prezidenti Nayib Bukelening hukmron partiyasi mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritdi. Unga ko‘ra, Bukelega cheksiz qayta saylanish huquqi berilib, prezidentlik muddati 6 yilga uzaytirildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu konstitutsion o‘zgarishlar 31-iyul kuni qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan. Yangi G‘oyalar partiyasi deputati Ana Figueroa konstitutsiyaning 5 ta moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif kiritgan. Ular orasida saylovning ikkinchi bosqichini bekor qilish — ya’ni eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod o‘rtasidagi hal qiluvchi saylovni o‘tkazmaslik ham bor. Ko‘pchilikka ega bo‘lgan Bukelening partiyasi bu o‘zgartirishlarni tezda ma’qullagan — 57 deputat rozilik bildirgan bo‘lsa, 3 nafari qarshi chiqqan.
2021-yilda Bukelening partiyasi tomonidan tayinlangan Oliy sud sudyalari konstitutsion taqiq bo‘lishiga qaramay, uning ikkinchi muddatga saylanishini qonuniy deb topgandi. 2024-yilda esa u yirik farq bilan qayta saylangan. Endilikda bu o‘zgartirishlar bilan Bukelega muddatsiz qayta prezident bo‘lish yo‘li ochilmoqda.
Muxolif deputat Marsela Villatoro bu qarorni tanqid qilib, Salvadorda “demokratiya o‘lganini” aytmoqda. U shuningdek, cheksiz prezidentlik saylovi hokimiyatni suiiste’mol qilish, korrupsiya, “tanish-bilishchilik” va siyosiy ishtirokning kamayishiga olib kelishini bildirgan.
Figueroa boshqa lavozimdagilar, jumladan, federal deputat va hokimlar ham cheksiz saylanishga haqli ekanini aytmoqda. Uning taklifiga ko‘ra, Bukelening hozirgi muddati 2029-yil o‘rniga 2027-yilga qadar qisqartiriladi. Bu esa unga 2 yil oldinroq yana qayta nomzod bo‘lish imkonini beradi. Bukele hozircha bu qaror yuzasidan izoh bermagan.
Prezident o‘zini “dunyoning eng zamonaviy diktatori” deb atab, jinoyatchilikka qarshi qat’iy siyosat yuritish va’dasi bilan saylovchilar e’tiborini jalb qilmoqda. Garchi u avvalgi hukumatlar kabi jinoiy guruhlar bilan kelishuvlarda gumon qilingan bo‘lsa-da, ko‘pchilik fuqarolar mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlar sababli bunga ko‘z yumib kelmoqda.
Izoh (0)