Kanada hukumati AQSHning Kanada, AQSH va Meksika o‘rtasidagi kelishuvga (CUSMA) kirmaydigan tovarlarga 35 foizlik yangi savdo bojlarini joriy etish qaroridan ko‘ngli qoldi. Bu haqda Kanada bosh vaziri Mark Karni idorasi ma’lum qildi.

Kanada o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish, jumladan, zarar ko‘rgan tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash, eksport bozorlarini xilma-xil qilish va ichki ishlab chiqarishni kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishga tayyorligini bildirgan.
“Kanada dunyodagi eng yirik erkin savdo bitimlaridan biri bo‘lgan CUSMA’ga sodiq qolmoqda”, deya ta’kidlanadi bayonotda.
Shuningdek, bosh vazir idorasi AQSHning yangi savdo cheklovlarini fentanilning chegaralararo aylanmasi bilan bog‘lashga urinishlariga munosabat bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHga fentanil importida Kanadaning ulushi 1 foizdan kamni tashkil etadi. Shu bilan birga, mamlakat allaqachon chegara xavfsizligini mustahkamlash, xususan, havo kuzatuvini kengaytirish, chegara nazoratini kuchaytirish, shuningdek, ushbu sohada yangi qonunchilikni joriy etish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ymoqda.
Karnining ta’kidlashicha, hukumat asosiy e’tiborni ichki iqtisodiy o‘sishga va viloyatlar, hududlar hamda tub aholi bilan birgalikda keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora-tadbirlar 500 milliard dollardan ortiq sarmoyani jalb qilishi va minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkin.
CUSMA (Kanada-Amerika Qo‘shma Shtatlari-Meksika kelishuvi), shuningdek, AQSHda USMCA va Meksikada T-MEC nomi bilan ham tanilgan, 2020-yil iyul oyida NAFTA (Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvi) o‘rnini egallagan erkin savdo shartnomasidir. CUSMA Kanada va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama savdoning 98 foizdan ortig‘i va 99,9 foizdan ortig‘i uchun bojsiz rejimni ta’minlaydi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Kanada uchun tariflarni 25 foizdan 35 foizga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ta’kidlanishicha, Trampning harakatlari Kanadaning “fentanilning davom etayotgan oqimini to‘xtatishda hamkorlik qilishdan” bosh tortishiga, shuningdek, AQSHga qarshi “prezidentning ushbu g‘ayrioddiy va favqulodda tahdidni bartaraf etish bo‘yicha harakatlari uchun” ko‘rilgan javob choralariga javoban amalga oshirilgan.
Izoh (0)