Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida “Bavariya” futbolchisi Kim Min Jae bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sports Chosun nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, riyodliklar yozgi transfer oynasi doirasida Janubiy Koreya terma jamoasi a’zosi bilan shartnoma imzolash borasida “Bavariya” bilan muzokaralar olib borgan. Klub rahbariyati o‘tgan mavsum himoyada harakat qilgan Eymerik Lyaportning o‘yinidan norozi bo‘lgan. Shu bois, fransuz futbolchisining jamoani tark etishi ehtimoli yuqori, uning o‘rnini esa aynan Kim Min Jae bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda.
Kim Min Jae 2023-yilning yozida “Napoli”dan 50 million yevro evaziga “Bavariya”ga ko‘chib o‘tgan edi. Biroq u ikki mavsum davomida o‘zidan kutilgan darajadagi o‘yinni namoyish eta olmadi. Natijada myunxenliklar “Bayer” himoyachisi Jonatan Ta bilan shartnoma imzolashga qaror qildi. Bu esa Kimning jamoadan ketish ehtimolini yanada oshirdi.
Agar “Bavariya” va “An-Nassr” transfer borasida kelishuvga erisha olsa, 28 yoshli himoyachi Germaniyani tark etib, faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Kim Min Jae o‘tgan mavsumda “Bavariya” safida jami 43 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali uning qiymatini 40 million yevroga baholagan.
Izoh (0)