Kanadaning Falastinni tan olish niyati Vashington va Ottava o‘rtasidagi savdo bitimini tuzish jarayonini murakkablashtirishi mumkin. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Voy! Kanada hozirgina Falastinning davlatchiligini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Bu biz uchun u bilan savdo bitimi tuzishni ancha qiyinlashtiradi. Oh, Kanada!”, deya yozdi Tramp.
31-iyulga o‘tar kechasi bosh vazir Mark Karni Kanada sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasida Falastinni tan olish niyatini bildirgandi. Uning aytishicha, bunday qadam jahon tashkiloti tomonidan o‘n yillar oldin taklif etilgan ikki davlat tuzish orqali Falastin-Isroil mojarosini hal qilish umidini saqlab qolishga yordam beradi.
Kanada so‘nggi paytlarda Falastin davlatini tan olish rejalarini e’lon qilgan uchinchi G7 mamlakati bo‘ldi. Bundan oldin shunday qadamni Fransiya va Buyuk Britaniya ma’lum qilgan edi.
Ta’kidlanishicha, Trampning bayonoti ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi davom etayotgan savdo ziddiyatlarida yana bir keskinlashuvga olib kelgan.
Bosh vazir Karni Trampning tanqidini rad etib, Kanada Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, biroq barqaror tinchlikka erishish uchun mustaqil Falastin davlatini tashkil etish zarur deb hisoblashini bildirgan. Shuningdek, u Falastin prezidenti Mahmud Abbos HAMASning kelajak saylovlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik va qurolli kuchlar tuzmaslik va’dasini berganini aytgan.
Isroil Trampning bayonotlaridan oldin ham Kanadaning qarorini keskin qoralagan edi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi buni “HAMAS uchun mukofot” va tinchlik o‘rnatish harakatlariga tahdid sifatida baholagan. Isroilning Kanadadagi elchisi Tel-Aviv xalqaro bosimga bo‘ysunmasligini va Falastinning tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)