O‘zbekistonda 2026-yilda davlat xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori kamida 6-7 foizga oshiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan Fiskal strategiyada yozilgan.

Fiskal strategiyaga ko‘ra, mamlakatda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar yillik inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshirib boriladi.
Qayd etilishicha, joriy yilda yillik inflyatsiya darajasi 8 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Shunga mos ravishda iyuldan pensiya va nafaqalar, avgustdan ish haqlari 10 foiz oshirildi.
2026-yilda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 6-7 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Bu ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori ham kamida shuncha ko‘tariladi degani.
Vazirlik tahlilida mamlakatda 2027-yilgi inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, 2028-yilda esa 5 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar ham ish haqi, pensiya va nafaqalar kamida 5-6 foiz oshirilishini anglatadi.
Fiskal strategiyada respublikada davlat xodimlari ish haqi 1 foizga oshirilsa, byudjet xarajatlari 1,7 trln so‘mga ko‘payishi qayd etilgan. Agar pensiya miqdori 1 foiz ko‘tarilsa, byudjet chiqimlari 861 mlrd so‘m, ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonining qo‘shimcha 10 foizga ko‘payishi xarajatlarni 1,6 trln so‘mga oshiradi.
Yetilmayotgan maqsad aslida orzumidi?
2019-yildagi prezident farmoni bilan O‘zbekistonda inflyatsiya bo‘yicha doimiy maqsad (target) 5 foiz etib belgilangan. Mazkur maqsadga erishish vazifasi Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan. Farmonda regulyatorga inflyatsiyani 2021-yilda 10 foizga pasaytirishi, 2023-yilda esa 5 foiz darajasiga tushirishi vazifasi qo‘yilgan. Biroq bu maqsad emas, yetib bo‘lmayotgan orzuga aylanayotgandek.
Bugungacha inflyatsiya targetiga yetish muddatlari olti martagacha o‘zgartirildi. Markaziy bank 2020-yildan inflyatsion targetlashga o‘ta boshlagan. O‘sha paytda doimiy inflyatsiya maqsadi — 5 foizga 2023-yilga kelib erishilishi belgilangan. 2022-yilda 5 foizlik targetga erishish muddatini 2024-yil oxiriga, 2023-yilda esa bu muddat 2025-yil ikkinchi yarmiga ko‘chirilgan. 2024-yil oktyabrda muddat to‘rtinchi bor o‘zgartirilgan. Yaʼni maqsadga 2026-yilning ikkinchi yarmida yetilishi aytilgan.
Joriy yil may oyida targetga yetishning navbatdagi yangi muddati eʼlon qilinib, inflyatsiya darajasi 2027-yilda 5 foizga pasayishi bildirilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Fiskal strategiyasida esa muddat yettinchi bor keyinga qoldirildi. Hujjatda endi mamlakatda 5 foizlik inflyatsiyaga 2028-yilga boribgina erishish mumkinligi yozilgan.
Izoh (0)