Kanada boshqa davlatlar qatori Falastin davlatini tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda hukumatdagi anonim manbalarga tayanib, CBC News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ehtimoliy tan olish ma’lum shartlar asosida amalga oshadi. Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Kanada bosh vaziri Mark Karni 30-iyul kuni vazirlar mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazib, unda Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda.
29-iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer agar Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazib berishni to‘xtatishda davom etsa va hujumlarni tugatmasa, sentyabrda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi boshlanishidan oldin Falastin davlatini tan olishga tayyorligini aytgan.
25-iyul kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Falastinni tan olishni va buni sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida e’lon qilish niyatida ekanini ta’kidlagan.
29-iyul kuni Malta bosh vaziri Abel mamlakat sentyabr oyida Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qilgandi.
Bizning pozitsiyamiz Yaqin Sharqda tinchlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarga sodiqlikni aks ettiradi, degan u.
Bundan tashqari, yana 8 davlat: Andorra, Avstraliya, Kanada, Islandiya, Lyuksemburg, Yangi Zelandiya, Portugaliya, San Marino va Finlyandiya ham shunday qadam tashlash niyatida. Dunyo bo‘ylab 140 dan ortiq davlat Falastin davlatini tan olgan, Yevropa Ittifoqining 27 mamlakatidan 12 tasi shunday qaror qilgan.
O‘zbekistonning pozitsiyasi
O‘zbekiston Falastin davlati bilan 1994-yil 25-sentyabrda, Isroil bilan esa 1992-yil 21-fevralda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. O‘zbekiston har ikki davlat bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, Yaqin Sharqda ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor e’lon qilgan.
Izoh (0)