Italiyaning “Roma” klubi yozgi transfer oynasida tarkibni kuchaytirish ishlarini davom ettirmoqda. Calcio Mercato nashrining xabar berishicha, rimliklar “Manchester Siti” yarim himoyachisi Klaudio Echeverrini ijaraga olishni rejalashtirmoqda.

Manbaga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muzokara yakunlanish arafasida turibdi. Transfer ijara asosida amalga oshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, shartnomaga futbolchini keyinchalik to‘liq sotib olish bandi ham kiritilishi mumkin. Echeverrining “Roma” safiga uzoq muddatli ijara asosida o‘tishi taxmin qilinmoqda.
Biroq “Manchester Siti” hali 19 yoshli futbolchining ketishiga ruxsat bergani yo‘q. Sababi, o‘tgan mavsum “shaharliklar” safida bir qator futbolchilar jarohat olib, klub mavsumni sovrinsiz yakunlagan. Shu sababli ingliz klubi Echeverriga munosib o‘rinbosar topmaguncha uni qo‘yib yuborishni istamayapti.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” Echeverrini 2024-yil boshida Argentinaning “River Pleyt” klubidan xarid qilgan va uni yana bir yil sobiq jamoasida ijarada qoldirgandi. Yevropaga ko‘chib o‘tganidan so‘ng futbolchi “Siti” safida 3 o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Transfermarkt portali argentinalik futbolchining qiymatini 18 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)