Madridning “Real” klubi braziliyalik hujumchi Vinisius Juniorning kelajagi borasida bir qarorga keldi. Defensa Central nashrining xabariga ko‘ra, “qaymoqranglilar” 25 yoshli futbolchini 2026-yilda sotish variantini ko‘rib chiqmoqda.

Ma’lum qilinishicha, klub va futbolchi o‘rtasida shartnomani uzaytirish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Vinisiusning amaldagi shartnomasi 2027-yilning iyuniga qadar amal qiladi, biroq u Kilian Mbappe bilan teng maosh olishni talab qilmoqda. Biroq “Real Madrid” rahbariyati bunday yuqori moliyaviy talablarni qondirishga tayyor emas.
Agar tomonlar yaqin orada kelishuvga erisha olmasa, “qirollik klubi” braziliyalik futbolchini 2026-yilgacha sotib yuborishni rejalashtirishi mumkin. Bu orqali klub uni bepul qo‘yib yubormaslik va transferdan daromad olishni maqsad qilmoqda.
Avvalroq futbolchiga Saudiya Arabistonining bir qancha klublari hamda Angliya Premyer Ligasining “Liverpul” jamoasi jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Vinisius Junior 2025-yil yozida bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Izoh (0)