Janubiy Koreyada K-pop san’atkorlari, ya’ni aydollar, ko‘pchilik ko‘z o‘ngida go‘zallik va mukammallik timsoliga aylangan. Ularning animelardagi kabi chiroyli yuzi, ideal qomatiga millionlab yoshlar havas qiladi. Ammo tug‘ma go‘zallik kabi ko‘ringan bu tashqi ko‘rinish ortida uzoq tayyorgarlik, jismoniy mehnat va, albatta, plastik jarrohlik turadi.

Bugungi kunda Seul dunyodagi plastik operatsiyalar markaziga aylangan. Aynan shu yerda K-pop aydollari o‘z tashqi ko‘rinishlarini “standart” darajaga olib chiqadi.
“Aydol” (ingliz tilidagi “idol” so‘zidan olingan) — koreys madaniyatida, xususan, K-pop sanoatida mashhur bo‘lgan yosh qo‘shiqchilar, raqqosalar va aktyorlar bo‘lib, ular odatda maxsus agentliklar tomonidan bolaligidan tayyorlab boriladi, keyin esa sahnaga chiqib, millionlab muxlislar qalbini zabt etadi.
Nega K-pop yulduzlari plastik operatsiya qildiradi?

Foto: ABC News
Koreyalik xonandalar va aktrisalar odatda juda erta — 15-18 yosh oralig‘ida plastik jarrohlikka murojaat qilishadi. Bu davrda ular hali rasman shou-biznes sohasiga kirmagan o‘quvchi maqomida bo‘lishadi. Aksariyat hollarda bu tashabbus ularning prodyuserlari yoki agentliklari tomonidan beriladi. Hatto ba’zida bunday operatsiyalar shartnomaga kiritiladi va kompaniya xarajatlarni qoplab beradi. Keyinchalik esa bu summa aydolning kelajakdagi daromadidan ushlab qolinadi. Boshqacha aytganda, bo‘lajak aydollar go‘zallik uchun o‘ziga xos “kredit” olishadi.

Ba’zida bo‘lajak K-pop yulduzlari jarrohlarga o‘z hisobidan murojaat qilishadi. Biroq bu holatda hech kim ularning mashhur bo‘lishiga kafolat bermaydi. Albatta, aydollar orasida hech kim tashqi ko‘rinishini butunlay o‘zgartirib yubormaydi. Buni taniqli koreyalik plastik jarrohlar ham tasdiqlaydi. Odatda yuzdagi bir nechta detal o‘zgaradi.
Eng ko‘p operatsiya qilinadigan joylar bu ko‘zlar, burun va iyak hisoblanadi. Ko‘pgina estrada yulduzlari tug‘ilishdan jozibali tashqi ko‘rinishga ega bo‘lishadi, shuning uchun ularning yuzlari faqatgina biroz “sayqallanadi”. Qolgan nuqsonlar, masalan, yonoq va lab shakllari esa konturli, ya’ni operatsiyasiz estetik muolajalar orqali tuzatiladi.

Foto: Hub Pages
Odatda janubiy koreyalik yulduzlar, eng avvalo, tishlarning noto‘g‘ri ko‘rinishi va tishlamni tuzatadi. Buning uchun ular breket taqishadi. Masalan, aktyor Yu Sin Xo, TVXQ! guruhining qo‘shiqchisi Yunxo, aktrisalar Pak Bo Yang va aydol Gu Xaraning chehrasi aynan shu tarzda o‘zgargan.
Gu Xara faqat tishlarini emas, balki qovoq shaklini ham blefaroplastika orqali o‘zgartirgan. Buni xonandaning agentligi talab qilgan.

Foto: CNN
Six Bomb guruhi aslida mashhurlikka erishmagan, oddiygina ayollar kvarteti edi. Ammo ular Koreyada shov-shuv bo‘lgan bir e’lon orqali mashhur bo‘lib ketishdi: guruhning barcha to‘rt a’zosi debyutdan keyin plastik operatsiya qildirganini ochiq aytishdi.

Foto: Sky News
Qizlar klinikadagi jarayonni va operatsiyadan keyingi holatlarini videoga olishdi. Ularning bunday rostgo‘ylik “piari” tufayli guruh haqida ko‘proq gapira boshlashdi. Hatto xorijlik blogerlar ham bu “to‘rtlik operatsiyasi” haqida fikr bildirdi. Shu tariqa Six Bomb guruhi kutilmaganda mashhur bo‘lib ketdi.
Aydollar eng ko‘p murojaat qiladigan plastik operatsiyalar

- Ko‘zlar bilan bog‘liq jarrohliklar
Koreyada ikki qavatli, ya’ni “yevropacha” qovoqlar chiroyli deb hisoblanadi. Pul bo‘lmasa, vaqtinchalik qovoqlarni tepaga ko‘taruvchi maxsus lentachalardan foydalanishadi, lekin oxir-oqibat baribir ko‘pchilik blefaroplastika — qovoq oldirish operatsiyasiga murojaat qiladi.
- Rinoplastika — burun shaklini o‘zgartirish
Keng va katta burun Koreyada xunuk hisoblanadi. Ideal variant bu ingichka va qirrali burundir. Uni faqat operatsiya bilan emas, balki konturli makiyaj yordamida ham chiroyliroq ko‘rsatish mumkin. Rinoplastika ham ayollar, ham erkaklar orasida mashhur.
- Pastki jag‘ni “arralash”
Yuz tuzilishi chiroyli oval va ozg‘in ko‘rinishi uchun jag‘ suyagi haqiqatan ham kesib yoki “yo‘nib” kichraytiriladi. Chunki Janubiy Koreyada ideal yuz shakli yurakka o‘xshash: yuqorisi keng, pastki qismi esa tor bo‘lishi kerak. Bunga qo‘shimcha ravishda yonoq suyaklari ham ozgina o‘zgartiriladi, ya’ni siljitiladi.
- Lablarni kattalashtirish
Aydol lablari biroz qalin, qirmizi va jozibali ko‘rinishi kerak. Buning uchun ham plastik operatsiya, ham fillerlar (gialuron inyeksiyalari) ishlatiladi. Ammo Koreyada juda katta va me’yordan ko‘p shishirilgan lablar chiroyli hisoblanmaydi. Barchasi nafis va tabiiy ko‘rinishda bo‘lishi kerak.
- Ortiqcha yog‘lardan xalos bo‘lish
Koreyada, ayniqsa, aydollar orasida, hali bodipozitiv g‘oyasi (tanani boricha qabul qilish) unchalik rivojlanmagan. Shu sababli liposaksiya (ortiqcha yog‘ni olib tashlash) va lipomodellashtirish (tanaga shakl berish) kabi amaliyotlar bajariladi va qo‘shimcha ravishda qattiq parhezga amal qilinadi.
Aydollardek ideal tashqi ko‘rinish uchun qancha pul sarflanadi?

Estetik tibbiyot bozorida yillar sayin ko‘proq yosh shifokorlar paydo bo‘lmoqda — ular plastik jarrohlik uchun qulay narxlarni taklif etadi, hatto ayrimlari portfoliosi uchun operatsiyani tekin qilib berishga ham tayyor. Ammo klinikalardagi narxlar o‘rtasidagi farq haqiqatda hayratlanarli. Misol uchun:
- Yuqori qovoqni blefaroplastika qilish taxminan 400 dollardan boshlanib, 4500 dollarga yetishi mumkin. Bu narx klinika obro‘siga va jarrohning mahoratiga bog‘liq.
- Burun shaklini o‘zgartirish — rinoplastika narxi 2000 dollardan 20 ming dollargacha boradi.
- Jag‘ni toraytirish xizmati 2800 dollardan boshlanadi. Ba’zan bu amaliyot bilan birga yog‘ to‘qimasini olib tashlash yoki qo‘shish kabi qo‘shimcha jarayonlar ham kerak bo‘ladi. Bunday kompleks jarrohlik narxi esa kamida 20 ming dollardan boshlanadi
- Eng arzon amaliyotlardan biri bu labni kattalashtirishdir. Koreyada 700–1700 dollarga filler quyish mumkin.
- Eng qiyin hisoblanadigan amaliyotlar esa liposaktsiya va lipomodellashtirishdir, chunki bu yerda narx tananing jarrohlik qilinadigan joylar soniga qarab o‘zgaradi. Masalan, “bodylift + liposaksiya” to‘plami uchun 57 000 dollar xarajat qilish mumkin.
- Yuz uchun kompleks amaliyotlar ham mavjud. Masalan, feyslifting + blefaroplastika + lipofilling to‘plami o‘rtacha 34 000 dollar) turadi.
Izoh (0)