Yengil vazn toifasida UFC chempionligi kamariga ega, hali mag‘lubiyat nima ekanligini bilmagan 28 yoshli ispan-gruzin jangchi Iliya Topuriya o‘zining navbatdagi potentsial raqibi haqida fikr bildirdi. Bu haqda Championat nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, agar avstraliyalik Jek Della Maddalena rossiyalik Islom Maxachevni mag‘lub etsa, u bilan jang qilishga tayyor ekan:
Tasavvur qiling, agar Jek Islomni yengsa, unda men Maddalena bilan jang qilgan bo‘lardim, — deya Topuriya so‘zlarini keltiradi Full Send MMA nashri.

Ma’lumot o‘rnida, Islom Maxachev hamda Jek Della Maddalena o‘rtasidagi jang hali belgilanmagan, ammo avstraliyalik sportchi o‘z vazn toifasida falastinlik Bilol Muhammadni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, chempionga aylanishi bilan darhol Islom Maxachevni oktagonga chaqirdi. Dog‘istonlik sportchi esa “ikki vazn toifasida chempion bo‘lish vaqti keldi”, deya javob berdi. Mazkur sportchilar o‘rtasidagi bahs 2025-yil oktyabr—noyabr—dekabr oylarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyun kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan UFC 317 musobaqasida Topuriya braziliyalik Charlz Oliveyrani birinchi raundda nokautga uchratib, g‘alaba qozongan edi. Shu tariqa u UFC yengil vazn toifasining yangi chempioniga aylandi va promoushen tarixida ikki vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan o‘ninchi jangchi sifatida tarixga kirdi.
Izoh (0)