Joriy yil 26-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Janubiy Farg‘ona kanali zaharli ko‘pikka to‘lib oqayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. “O‘zgidromet” holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, kanal ekologiya xodimlari tomonidan tekshirilgan. O‘rganishlar natijasida suvning fizik va kimyoviy tarkibi o‘zgargani aniqlangan.
“Sababi Shirmonbuloq hududidan o‘tgan Farg‘ona kanali yonida tikuv-trikotaj fabrikasi joylashgan. Ushbu korxona tomonidan qayta ishlangan matolar uchun foydalanilgan suv kanalga tashlangan. Oqibatda suvning ko‘rinishi va tarkibi o‘zgargan. Suv tarkibida nitrit va nitrat tuzlari, ishqor va ranglar aniqlangan. Ekologiya masʼul xodimlari tomonidan muammo bartaraf etildi”, deyiladi izohda.
Avvalroq “Daryo” muxbiri masalaga aniqlik kiritish maqsadida viloyat ekologiya boshqarmasi matbuot kotibi Lochinbek Isomiddinov bilan bog‘langandi.
Bundan xabarimiz bor. Xodimlarimiz suvdan namuna olib kelib, o‘rganish uchun laboratoriyaga berdi. Bu ko‘piklar “kraska” bilan bog‘liq emas. Katta ehtimol bilan, kimdir “poroshok” tashlagan yoki to‘kib yuborgan degan taxmindamiz. Nafaqat Xo‘jaobod, Buloqboshi tumanidagi xodimlarimiz, balki boshqa tashkilot va idoralar ham kanal bo‘ylab sinchkovlik bilan o‘rganish o‘tkazmoqda. Yakuniy xulosa bo‘yicha batafsil maʼlumot beriladi, deganboshqarma vakili.
“Andijon suv taʼminoti” AJ esa Telegram kanalida hududda hech qanday sanoat zonasi mavjud emasligini yozgan va matnni o‘chirib, tahrirlagan holda qayta eʼlon qilgan.
“Suv yuzidagi ko‘pikning hosil bo‘lishi tabiiy jarayon bo‘lib, bu suv bosimining tezligi bilan bog‘liq hodisadir”, deyilgan o‘chirilgan matnda.
Keyinroq holat yuzasidan Buloqboshi tumani hokimligi ham munosabat bildirdi. Maʼlum qilinishicha, jarayon Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot beriladi.
Avvalroq may oyi boshida Buloqboshi tumanidan oqib o‘tuvchi ushbu Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i o‘pirilib, suv toshib chiqqandi. Talafotlar o‘rganilganda jami 560 ta xonadonni suv bosgani xabar qilingandi.
Izoh (0)