Daniya hukumati tobora kuchayib borayotgan “kitobxonlik inqirozi”dan tashvishlanib, fuqarolarni kitob xarid qilishga undash maqsadida hozirda Yevropada eng yuqori hisoblangan 25 foizlik kitob savdosi solig‘ini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Evronews xabar bermoqda.

Skandinaviya mamlakatidagi kitoblarga qo‘yilgan 25 foizlik soliq hozirda Yevropada eng yuqori bo‘lib, Buyuk Britaniya singari kitob mahsulotlariga umuman soliq solmaydigan mamlakatlardan keskin farq qiladi.
Daniya madaniyat vaziri Yakob Engel-Shmidt ushbu o‘zgarish tufayli do‘konlar javonlaridan ko‘proq kitoblar sotilishiga umid bildirgan. Reja davlatga yiliga taxminan 330 million kron (44 million yevro)ga tushadi. Biroq Engel-Shmidtning ta’kidlashicha, bu mamlakatning madaniy kelajagiga yo‘naltirilgan sarmoya hisoblanadi.
“Men madaniyat vaziri sifatida bunga alohida e’tibor qaratdim. Chunki so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan kitobxonlik inqiroziga barham berish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak, deb hisoblayman. Men juda faxrlanaman. Hamkasblarni bunday katta mablag‘ni daniyaliklar iste’moli va madaniyatiga sarflash kerakligiga ishontirish har kuni ham nasib etavermaydi”, dedi Engel-Shmidt.
Ta’kidlanishicha, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) ta’lim bo‘yicha so‘nggi hisobotida 15 yoshli daniyalik o‘smirlarning 24 foizi oddiy matnni tushuna olmasligi aniqlangani Daniyada tashvish uyg‘otgan. Bu ko‘rsatkich o‘n yil oldingiga nisbatan to‘rt foiz bandga yuqori hisoblanadi.
Daniya nashriyot sanoati soliqlarni pasaytirishni talab qilib, may oyidagi hisobotida hukumat “barcha daniyaliklar - bolalar va kattalar uchun bosma kitoblardan foydalanish imkoniyatini kafolatlashi” kerakligini ta’kidlagan.
Izoh (0)