Ko‘pchilik Cobalt avtomobili datchigi havo haroratini 80 darajagacha ko‘rsatsa, ishonib vahimaga tushadi. Aslida, qurilma harorat 40 darajadan ortsa, “aldashni” boshlaydi. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov YouTube’dagi suhbatda tushuntirish berdi.

Erkin Abdulahatovning aytishicha, Cobalt havo haroratini o‘ta yuqori darajada ko‘rsatishi aholini juda ko‘p tashvishlantiradi. Lekin datchik O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilmagan. Shu bois qurilma ko‘rsatgan haroratga ishonavermaslik kerak.
Havo harorati 50, 60, 70, hatto 80 darajagacha isidi, degan gaplarni to‘xtatishimiz kerak. O‘zi, menimcha, haroratni faqat Cobalt ko‘rsatadi. Masalan, Gentra ko‘rsatmaydi. Cobalt farasi oldida joylashgan datchik g‘arb, sharq mamlakatlari, Xitoy yoki Koreya uchun ishlab chiqilgan. U davlatlarda havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lmaydi. Shu sabab datchiklar asosan 40 darajagacha haroratni o‘lchashga moslashtirilgan. Avtomobil yo‘riqnomasini ko‘rsangiz, datchik 40 darajadan keyin “o‘ynab ketishi” haqida yozilgan.
Oddiy misol, Urganchda 2020-yilda ishlab chiqarilgan oq va qora Cobalt avtomobillarida eksperiment o‘tkazilgan. Mashinalar bir joyga yonma-yon qo‘yilgan. Shaharda havo harorati 41 daraja issiq bo‘lgan. O‘sha paytda oq Cobalt haroratni 48 daraja, qorasi esa 56 daraja issiq ko‘rsatgan. Bir joydagi mashinalar harorat haqida turlicha ma’lumot bergan, dedi iqlimshunos.
Avvalroq Erkin Abdulahatov Telegram kanalida so‘rov o‘tkazgandi. Savol so‘nggi kunlarda kuzatilgan issiq ob-havo kuzatuvchilar uyqusiga qanday taʼsir qilgani haqida bo‘lgan. 70 foizdan ortiq obunachi jazirama issiq uyquga salbiy taʼsir qilayotganini bildirgan.
Iqlimshunos O‘zbekistonda yangicha iqlimiy davr boshlanayotganini ham taʼkidlagan. Aholi kelajakda bunday jazirama kunlarga tez-tez to‘qnashishini yozgan. Buning uchun organizmni yangicha tashqi muhitga asta-sekin moslashtirib borish muhimligini qayd etgan.
Izoh (0)