Andijonning Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlari “Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumida ovoz bermaydigan bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.
Loyihaning 2-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan jami 22 263 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shulardan 18 656 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.
Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlarida esa loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilganligi yuzasidan ishonch raqamiga shikoyatlar kelib tushgan.

Aniqlanishicha, Ulug‘nor tumanida jami 73 ta loyiha kelib tushib, shundan faqat 13 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tgan. Ammo 60 ta loyiha hech qanday asossiz yoki sabablari tushuntirilmagan holda rad etilgan.
Shu kabi holat Oltinko‘l tumanida ham kuzatilgan. Bu hududdan 116 ta loyiha kelib tushgan bo‘lsa, shundan 22 tasi ovoz berishga o‘tkazilgan, 94 ta loyihaning taqdiri esa asoslantirilmagan holda rad etilish bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan vazirlik tomonidan amaldagi qonunchilikda belgilangan mezonlarga asosan loyihalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan xatlar yuborilgan bo‘lsa-da, tegishli tuman ichki komissiyalari tomonidan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi taʼminlanmagan.
“Loyihalarni saralash bosqichida amaldagi mezonlarga rioya etilmaganligini inobatga olib, fuqarolardan kelib tushgan shikoyat va eʼtirozlar asosida Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlarida tashabbusli byudjetning 2-mavsumi doirasida loyihalarga ovoz berish bosqichi o‘tkazilmaydi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh (0)