Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya va AQSH rahbarlari Vladimir Putin hamda Donald Tramp bilan Ukraina masalasida Istanbulda yetakchilar uchrashuvini o‘tkazish imkoniyati haqida telefon orqali suhbatlashish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

“Ehtimol, shu hafta ichida biz Putin va Tramp bilan muzokaralar olib borib, Istanbulda yetakchilar uchrashuvini o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilamiz. Biz bunga intilmoqdamiz”, dedi u jurnalistlarga 23-iyulda Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning uchinchi bosqichi yakunlari haqida fikr bildirish chog‘ida.
Erdo‘g‘onning aytishicha, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan uning topshirig‘iga ko‘ra Charog‘on saroyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ishtirok etgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina delegatsiyasini Istanbulga muzokaralarga jo‘nashidan oldin Anqarada qabul qilgan.
“Charog‘ondagi uchrashuvni mening nomimdan tashqi ishlar vazirim olib bordi”, dedi Turkiya prezidenti.
23-iyul kuni Istanbulda Ukraina inqirozini hal etish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muzokaralarining uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. To‘liq tarkibdagi uchrashuv oldidan delegatsiyalar rahbarlari Vladimir Medinskiy va Rustem Umerov yakkama-yakka suhbat o‘tkazdi. To‘liq tarkibdagi muzokaralar taxminan 40 daqiqa davom etdi, unda tomonlar memorandumlar loyihalarida bayon etilgan nuqtai nazarlarni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar nafaqat harbiylar, balki fuqarolar almashinuviga ham kelishib oldilar. Rossiya Ukrainaga siyosiy, harbiy va insonparvarlik masalalarini hal qilish uchun onlayn tarzda uchta ishchi guruh tuzishni taklif etdi. Bundan tashqari, Moskva Kiyevga Ukraina Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining yana 3 ming jasadini topshirishni, shuningdek, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini yig‘ish uchun front chizig‘ida qisqa muddatli insonparvarlik tanaffuslariga qaytishni taklif qildi.
Izoh (0)