Madridning “Real” klubi yozgi transfer oynasi vaqtida himoyachi David Alaba bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ispaniyaning AS nashri xabar berdi. Manbaga ko‘ra, “qaymoqranglilar” 32 yoshli futbolchini sotish orqali ish haqi byudjetini qisqartirish va moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishni maqsad qilgan. Biroq Alabaning o‘zi klubni tark etish niyatida emas — u 2026-yil 30-iyungacha amal qiladigan shartnomasini oxirigacha bajarib, Jahon chempionatiga yaxshi formada yetib borishni istamoqda. Shuningdek, futbolchining kelajagi sog‘lig‘i hamda tiklanish jarayoniga bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda. Iyun oyi oxirida Alaba chap boldir mushagidan jarohat olib, bir oyga safdan chiqqan edi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Alaba Yevropadagi eng yuqori maosh oluvchi himoyachilardan biri hisoblanadi. U “Real”da Kilian Mbappe va Vinisius Juniordan keyingi o‘rinda turadi. Himoyachining haftalik maoshi 415 ming yevroni, oylik maoshi 1,88 million yevroni, yiliga esa 22,6 million yevroni tashkil qiladi (soliqlarsiz). Eslatib o‘tamiz, Alaba 2023-yil dekabridan boshlab tizzasidagi bog‘lam uzilishi tufayli maydonga tusha olmagan. Keyinchalik, fevralda mushak, aprel oyida esa menisk tog‘ayi jarohati tufayli yana operatsiya o‘tkazgan. Oqibatda u o‘tgan mavsumda atigi 14 ta o‘yinda ishtirok etdi. Uning doimiy jarohatlarga moyilligi “Real” rahbariyatini xavotirga solmoqda va aynan shu omil futbolchini transferga qo‘yish qaroriga olib kelgan.
Mavzuga doir
×![Lightbox Image]()
Izoh (0)