Mamlakatda 2030-yilgacha issiq suv va issiqlik taʼminotini subsidiyalashdan to‘liq voz kechiladi. Bu haqda 8-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Issiqliktaʼminoti” AJ boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev maʼlum qildi.

Ilhom To‘rayevning aytishicha, sohani rivojlantirish uchun issiqlik taʼminotini davlat byudjetidan subsidiyalashni to‘xtatish zarur.
“Bizda aholiga pasaytirilgan narx qo‘llanadi. Toshkent shahri va viloyatlarda turlicha narxlar belgilanadi. Yaʼni mahalliy byudjet to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib subsidiya ajratiladi. Sohani rivojlantirish uchun issiqlik taʼminotini subsidiyalardan ozod bo‘lishimiz kerak. Lekin buni bir vaqtning o‘zida amalga oshirish qiyin. 2030-yilgacha bosqichma-bosqich subsidiyalashdan voz kechamiz. Buning uchun esa tariflarni yiliga ikki marta qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. Albatta, narxlarni bir martada yuqoriroq oshirish ham mumkin, lekin aholiga qiyin bo‘lishi mumkin. Shuni oldini olish uchun tariflar yiliga bir yoki ikki marta qayta ko‘rib chiqiladi hamda subsidiyalar miqdori bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi”, dedi tashkilot rahbari.
O‘zbekistonda issiqlik korxonalari isteʼmolchilarga issiq suv va issiqlik taʼminotini pasaytirilgan narxda yetkazib bergani hisobiga ko‘rgan zararlar davlat byudjetidan subsidiya sifatida qoplab kelinadi.
Oxirgi yillarda byudjetning mazkur yo‘nalishga ajratilayotgan to‘lovlari ko‘paygan. Masalan, issiqlik korxonalariga 2022-yilda 900 mlrd so‘m, 2023-yilda 1,7 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2024-yilda xarajatlar 4,2 trln so‘mga ko‘tarilgan.

Byudjet prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda undan-da ko‘proq – 4,8 trln so‘m ajratilishi kutilmoqda. Issiqlik taʼminoti uchun davlat tomonidan 2026-yilda 4,2 trln so‘m, 2027-yilda 4,7 trln so‘m berilishi ko‘zda tutilgan.
Joriy yil yanvar—iyun oylarida Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik taʼminoti uchun davlat byudjetidan 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratilgan. Poytaxtda bir gigakaloriya (Gkall) issiq suv narxi 664 ming so‘m. Aholi shundan 18 foizini to‘laydi, qolgan 82 foizi davlat byudjetidan qoplanadi.
Izoh (0)