O‘zbekiston prezidenti erta nikoh uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodbek Mahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, erta nikoh va erta tug‘ruqlarning oldini olish choralari keskin kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tizimlari integratsiya qilingan. Natijada erta tug‘ruqlarni yashirish holatlariga chek qo‘yilganini qayd etdi. Ularni darhol aniqlash va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati kengaytirilgan.
Nikohlanish bo‘yicha amaldagi tartib qanday?
Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. 2022-yilgacha ayollar uchun 17 yosh edi, lekin bu 2022-yildan boshlab 18 yoshga ko‘tarildi.
Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

Erta nikoh uchun javobgarlik
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish BHMning 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasida belgilangan.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish esa BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Bu Jinoyat kodeksining 125-1-moddasida belgilangan.
Erta nikoh sabablari
Senatning 2025-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekistonda erta nikoh holatlari oshgani ma’lum qilingandi. O‘rganishlarda bunday nikohlarning 70 foizida ota-ona sababchi ekanligi, 26 foizda erta turmush qurishga sabab sevgi-muhabbat ko‘rsatilgan, 3,4 foizda esa homila bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakili nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy jarimani ham oshirish taklif qilinayotganini aytgandi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda birinchi marta nikohlanayotgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 26,2 yoshni, ayollarning o‘rtacha yoshi esa 21,8 yoshni tashkil etdi.
Izoh (0)