Ummonda xorijlik bilan shar’iy nikoh asosida yashagan va uyda tutqunlikda saqlangan o‘zbekistonlik ayol va uning farzandlari vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davlatda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayol I.S. murojaat qilib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan O‘zbekistonga qaytishida yordam so‘ragan.
Murojaatda qayd etilishicha, u 2019-yildan buyon Ummonning al-Bureymi shahrida, asli kelib chiqishi eronlik bo‘lgan, lekin hech bir davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan, Ali ismli shaxs bilan shar’iy nikoh asosida birga yashab kelgan. Ayol shar’iy eridan 2020-yilda va 2022-yilda farzandlarni dunyoga keltirgan.
Oila boshlig‘ining hech qanday hujjatga ega emasligi va qonuniy nikoh shartnomasining yo‘qligi sababli farzandlarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish ham yillar davomida ortga surilib kelgan. Shuningdek, oiladagi kelishmovchilik, noqonuniy erning farzandlarga nisbatan tez-tez kuch ishlatish holatlari va ularni al-Bureymi shahridagi xonadonda tutqunlikda saqlash holatlari ayolning O‘zbekiston elchixonasiga yordam so‘rab ariza yozishga undagan.
Arizada qayd etilgan holatlar batafsil o‘rganilganidan so‘ng, 19-may kuni elchixona xodimlari al-Bureymi shahridagi I.S. ushlab turilgan xonadonga borgan. Diplomatlar ko‘magida ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan bolalar Masqat shahriga olib kelingan hamda vaqtincha yashash uchun joy bilan ta’minlangan.
Shundan so‘ng, elchixona konsullik bo‘limi tomonidan Ummon tegishli davlat idoralariga murojaatlar qilinib, I.S.ning voyaga yetmagan farzandlariga tug‘ilganlik haqidagi va vatanga qaytish uchun guvohnomalar rasmiylashtirilgan. “Vatandoshlar” jamoat fondi va O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda Masqatdagi faol o‘zbekistonlik shaxs ko‘magida mazkur oilaning O‘zbekistonga qaytishi uchun aviachiptalar xarid qilingan.
Ayol ikki farzandi bilan 18-iyun kuni Masqat shahridagi xalqaro aeroportdan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
May oyining o‘rtalarida Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol va uning uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarilgandi. Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfida bo‘lgan ayol O‘zbekistonga olib kelingandi. Aprelda Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
Izoh (0)