Turkiyada o‘zbekistonlik ofitsiant ayol otishmada boshiga o‘q tegib, halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Istanbuldagi Bosh konsulxona.

Keltirilishicha, 2025-yil 5-iyul kuni Turkiyaning Aydin viloyatida joylashgan restoranda ofitsiant sifatida faoliyat yuritib kelgan, 35 yoshli o‘zbekistonlik ayol otishma oqibatida bosh qismidan og‘ir jarohat olib, voqea joyida vafot etdi.
Mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotgan 5 nafar shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan bo‘lib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vafot etgan fuqaroning jasadini O‘zbekistonga yuborish, shuningdek uning yaqinlariga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha Bosh konsulxona hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Turkiyadagi vakilligi tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bundan avval Turkiyada yo‘l-transport hodisasidan jabr ko‘rgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgandi. 14-yanvar kuni o‘zbekistonlik 6 nafar fuqaro qalbaki alkogoldan zaharlanib vafot etgani haqida xabar bergan edi. 15-yanvar kuni Bosh konsulxonaga 4 nafar fuqaroning (barchasi erkak kishi) soxta spirtli ichimlik iste’mol qilish natijasida vafot etgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. 16-yanvar kuni yana bir O‘zbekiston fuqarosi soxta spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida vafot etganini tasdiqlandi.
Izoh (0)