10-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Sovuq urushni boshlagan Uinston Cherchill, Chexiyadagi shifoxonada otishma va Chili diktatori Pinochetning o‘limiga oid faktlar o‘rin olgan.
Sovuq urushni boshlagan Cherchill
1953-yil 10-dekabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill “tarixiy va biografik mavzulardagi tasvirlash mahorati hamda yuksak insoniy qadriyatlarni himoya qilishdagi ajoyib notiqligi uchun” Nobel mukofoti bilan taqdirlangandi.1946-yil 5-mart kuni Cherchill Amerikaning Fulton shahrida G‘arb davlatlarini ortib borayotgan sovet xavfiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan mashhur nutqini so‘zlagan edi. U Yevropaga temir parda tushirilganini aytgan. Bunga javoban Iosif Stalin Cherchillni Adolf Gitlerga qiyoslagan.
Bo‘lajak Sovuq urushning dastlabki alomatlari 1945-yilda paydo bo‘lgan. Fevral oyida bo‘lib o‘tgan Yalta konferensiyasida SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlari dunyoning urushdan keyingi tuzilishini muhokama qilgan. O‘sha yili yozuvchi Jorj Oruell “sovuq urush” atamasini “Sen va atom bombasi” maqolasida ishlatgandi. Uning fikricha, bir nechta yirik davlatda atom bombasining bo‘lishi dunyoni ikki-uchta mamlakat qo‘l ostida to‘planishiga olib keladi.
1945-yil oxirlarida sovet-britan munosabatlari sezilarli daraja yomonlashgan. Bunga 1941-yildan boshlab Buyuk Britaniya va SSSRning birgalikda nazorati ostida bo‘lgan Erondagi manfaatlar to‘qnashuvi sabab bo‘lgan. London ham, Moskva ham qo‘shinlarini olib chiqib ketishga shoshilmagan va o‘zlarining ta’sir doirasini neft qazib olishdagi foydaga qaratgan. Iosif Stalinning Britaniyani yangi bosh vaziri Klement Ettli bilan shartnomalari yanada ayanchli tus ola boshlagan. 1945-yil dekabrda sovet qo‘llab-quvvatlovi ostida Eron shimolida Ozarbayjon Avtonom Respublikasi va Kurdiston Xalq Respublikalari tuzilgan. BMTdan o‘zi uchun ma’qul qarorni ololmagan Buyuk Britaniya Eron janubiga qo‘shimcha qo‘shin yuborgan.
Sayyoraning bir-biriga dushman ikki lagerga ajralishiga Uinston Cherchillning 1946-yil 5-mart kuni Fulton shahridagi Vestminster kolleji talabalari qarshisida so‘zlagan nutqi hal qiluvchi qadam bo‘lib xizmat qilgan. Britaniyaning sobiq bosh vaziri va o‘sha vaqtdagi muxolifat yetakchisi Amerika prezidenti Garri Trumen qatnashgan yig‘ilishda chiqish qilgan. Cherchill oddiy fuqaro sifatida AQSHga tashrif buyurgan va uning aytganlari Britaniya hukumatining rasmiy tashqi siyosiy yo‘nalishini bildirmasdi.
Tajribali siyosatchi “Qo‘shma Shtatlar dunyo kuchining eng yuqori cho‘qqisida turishini” ta’kidlab, Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ruslarning jasoratiga qoyil qolganini bildirgan. U Stalinni ham unutmasdan, SSSR yetakchisini “urush vaqtidagi do‘stim”, deb atagan. Biroq Cherchill kommunistik partiyalarning Yevropa davlatlarida ortib borishida xavfni ko‘ra bilgan. Britaniyalik sharqiy Yevropa kommunistlarini totalitar nazoratga erishishga urinishda ayblab, bu xalqaro barqarorlikning asosiy xatari ekanini bildirgan.
“Shtettindan Boltiqqa, Triestdan Adriatikaga qadar butun qit’a bo‘ylab temir parda tushirildi. Bu chiziq ortida qadimgi Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlarining barcha poytaxtlari joylashgan: Varshava, Berlin, Praga, Vena, Budapesht, Belgrad, Buxarest va Sofiya. Ushbu mashhur shaharlarning barchasi aholisi bilan birga sovet ta’siri atrofida joylashgan va ularning hammasi Moskva tomonidan ortib borayotgan kuchli nazorat uchun obyekt shaklidir”, — degan Cherchill.
U SSSRni Yevropaning turli shaharlarida “beshinchi kolonna”ni yaratishda ayblab, bu “nasroniy sivilizatsiyasi uchun xavf” ekanini bildirgan. Cherchill rostdan ham yangi urush boshlanishi mumkinligidan xavotirda bo‘lgan. “Urush tarixida hech qachon sayyoramizning ulkan hududini vayron qilgan jangdan ko‘ra, o‘z vaqtida chora ko‘rish orqali oldini olish oson mumkin bo‘lgan chora ko‘rilmagan. Bunday xatoni takrorlab bo‘lmaydi. Buning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti sha’feligida va ingliz tilda so‘zlashuvchi harbiy kuchlar asosida Rossiya bilan o‘zaro til topishish kerak. Shundagina kelajakka yo‘l nafaqat biz uchun, balki keyingi 100 yillikda ham barchamizga oydin bo‘ladi”, — degan edi Cherchill.
Cherchill ingliz tilida so‘zlashuvchi xalqlarni birlashgan harbiy sa’y-harakatlarga chaqirgan. Uning shaxsiy tajribaga asoslangan fikricha, ruslar kuch va harbiy qudratnigina tushunadi. Shundan keyin Cherchill Trumenga qarab, agarda qayta dunyoga kelish imkoniyati bo‘lganida, Amerikada tug‘ilishni istashini aytgan. “Bu kelajak uchun cheksiz imkoniyatlar eshiklari qarshisida ochiq ekanini barcha yoshlar biladigan dunyodagi yagona davlat”, degan sobiq bosh vazir.
Oxir-oqibat Fultondagi nutq notiqlik san’atining eng yaxshi namunasi deya baholangan. Shu bilan birga, tadqiqotchilarning qayd etishicha, u keng munozaralarni keltirib chiqarishga mo‘ljallangan provokatsion xarakterga ega edi. Cherchill asosiy tezislarini 1943-yildan boshlab to‘plab kelgan. Matnning yakuniy versiyasi kichik formatdagi 50 varaqqa joylashgan — sobiq bosh vazir oxirgi o‘zgartirishlarni Fultonga kelish vaqtida kiritgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Cherchill Vestminster kollejiga kelgunga qadar o‘z nutqini Trumenga o‘qish uchun bergan va AQSH prezidenti britaniyalik siyosatchining keskin va murosasiz ohangi juda yoqqan.
SSSRda Cherchillning nutqi favqulodda salbiy qabul qilingan. 1946-yil 13-mart kuni “Pravda”ga bergan intervyusida Stalin Britaniya sobiq bosh vazirining Adolf Gitlerga o‘xshashliklari borligini aytib, uni “endilikda urush boshlovchilar pozitsiyasida” turganlikda ayblagan.
“Ingliz irqiy nazariyasi janob Cherchill va uning do‘stlarini ingliz tilida so‘zlashuvchi xalqlar dunyoning qolgan xalqlari ustidan hukmronlik qilishi kerak degan xulosaga olib kelmoqda. Ta’kidlash kerakki, janob Cherchill hamda uning do‘stlari bu orqali Gitler va uning do‘stlarini yodga solmoqda”, — degandi Stalin.
1946-yil aprel va iyul-oktabr oylarida “Germaniya muammosi”ni hal qilishga bag‘ishlangan Parij konferensiyalari sovet va G‘arb pozitsiyalarining yaqinlashishiga olib kelmagan. Tinchlik konferensiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Yugoslaviya, Bolgariya va Albaniyaning Gretsiyadagi kommunistik harakatga bevosita yordami tufayli G‘arb va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar yanada yomonlashgan. Bundan tashqari, Qora dengiz bo‘g‘ozlarini birgalikda himoya qilish bo‘yicha SSSRning Turkiyaga bosimi tufayli Qo‘shma Shtatlar O‘rta yer dengizining sharqiy sektoriga dengiz floti eskadronini yuborgan. Gretsiya va Turkiya inqirozlari natijada NATOning tuzilishiga olib kelgan.
Ostrava shifoxonasidagi otishma
2019-yil 10-dekabr kuni Chexiyaning Ostrava shahrida ommaviy qotillik sodir bo‘lgandi. Qotil o‘zini og‘ir kasal, biroq hech kim yordam berishni istamayapti, deb hisoblagan.
Yolg‘iz jinoyatchilar tomonidan ommaviy otishmalarni uyushtirish bilan bog‘liq holatlar asosan Amerikada sodir bo‘lishi ko‘pchilikka sir emas. Chunki Qo‘shma Shtatlarda o‘qotar qurollardan foydalanish tartibi ancha erkin. Biroq XXI asrdan bunday muammo butun dunyoda kuzatila boshlandi. Hozirda jinoyatchilik darajasi eng kam bo‘lgan davlatlarda ham turli otishmalar sodir bo‘lmoqda.
2009-yil 10-dekabr kuni Chexiyada ham shu kabi mudhish hodisa sodir bo‘lgan. XIII asrda asos olingan Ostrava kattaligi bo‘yicha Praga va Brnodan keyingi o‘rinda turadi. Sotsializm davrida shahar ko‘plab ko‘mir korxonalari va metallurgiya gigantlari bois “Chexoslovakiyaning po‘lat yuragi” sifatida e’tirof etilgan.
10-dekabr kuni mahalliy vaqti bilan soat 07:20 da Ostrava universitet klinikasida noma’lum erkak barchani o‘qqa tutgan. Politsiyaning birinchi patruli voqea joyiga besh daqiqadan keyin yetib borgan, biroq bu vaqtga kelib mergan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Favqulodda holat joyida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi og‘ir yaralangan edi.
Kuch tuzilmalari vakillari shifoxona atrofini qurshovga olib, jinoyatchini qidirishga tushgan. Sodir bo‘lgan voqeadan ikki soat o‘tib Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytex jurnalistlarga to‘rt kishi voqea joyida, yana ikki yarador esa shifoxonada operatsiyadan keyin vafot etganini ma’lum qilgan. Rasmiylar jinoyatchini qidirishda yordam so‘rab aholiga murojaat qilgan. Soat 10:30 da politsiya ta’qib qilayotgan jinoyatchi o‘z joniga qasd qilgani bo‘yicha dastlabki xabar kelib tushgan. Tez orada rasmiylar buni tasdiqlagan: gumonlanuvchi Opava daryosi qirg‘og‘idagi Lodenice restoranida o‘zini o‘zi o‘ldirgan.
Viloyat politsiyasi rahbari Tomash Kujelning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi Chexiyada ishlab chiqarilgan kalibri 9 millimetr bo‘lgan pistoletdan o‘q uzgan. U Universitet klinikasi travmatologiya bo‘limiga kelib, bemorlar va qabulda kutib o‘tirganlarni o‘qqa tutgan. Shu kuni jami olti nafar erkak va uch nafar ayol nishonga aylangan, ular orasida voyaga yetmagan shaxslar bo‘lmagan.
Politsiya boshlig‘ining aniqlik kiritishicha, jinoyatchi o‘zini ta’qib qilayotgan politsiya vertolyotini ko‘rganidan keyin joniga qasd qilgan.
Hukumat rahbarining aniqlik kiritishicha, jinoyatchi shifoxonadagilarning asosan boshi va bo‘yniga o‘q uzgan. Oqibatda jabrlanuvchilar halok bo‘lgan yoki qattiq jarohat olgan.
Hujumni Stirad ismli 42 yoshli texnik quruvchi amalga oshirgan. Avvaliga OAVlarda erkak klinikada vafot etgan farzandi uchun qasos olgani haqidagi versiyalar yangragan. Biroq Stiradning ish beruvchisi Alesh Jigulning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat sababi boshqa bo‘lishi mumkin: “u o‘zini og‘ir kasal va hech kim davolashni istamayapti deb hisoblardi”. Erkak bu haqda barchaga aytgan. Oxirgi oyda ishga ham kelmay qolgan.
Chili diktatori Pinochetning o‘limi
2006-yili 10-dekabr kuni general, Chili diktatori Augusto Pinochet vafot etgan. Ushbu shaxsga bo‘lgan qiziqish uning boshqaruv vaqtida ham, lavozimdan ketganida ham kamaymagan. Pinochetga qarshi ochilgan barcha jinoiy ishlar matbuot markazida bo‘lgan. Chili fuqarolarini ayniqsa, “U sudga qadar yashaydimi, minglab insonlar o‘limi uchun javob beradimi?”, degan savol qiynab kelgan.Sobiq diktator Augusto Pinochetning tug‘ilgan kuniga 200 ga yaqin do‘stlari va tanishlari to‘plangan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, 91 yoshli qariya aravachada zalga kirib kelgan. U sirli va parishonlik bilan jilmayar, rafiqasi Lusiya Iriarning qo‘li yubormas edi. Pinochet nafaqat bazmga to‘planganlarga, balki butun Chili aholisiga yo‘llangan tilaklarini o‘qib bergan. Keyinroq bu uning so‘nggi murojaati ekani ma’lum bo‘ladi — bayramdan bir necha haftadan keyin u vafot etgan.
“Men hech kimdan xafa emasman. Prezident Salvador Alende tomonidan 1973-yilda sotsialistik rejimning qulatilishi Chili bo‘linishining oldini olishga va Lotin Amerikasida asosiy o‘yinchiga aylantirgan muhim qadam edi”, — deyiladi maktubda.
Pinochetning biograflari uni o‘ta konservatorlardan biri sifatida ta’riflaydi. Barcha tugmalari qadalgan formani kiygan erkak kun tartibiga qattiq rioya qilgan, ichmagan, chekmagan, televizor ko‘rishni yoqtirmagan. Erkak jurnalist yaxshi kiyingan va soqollari olingan bo‘lsagina intervyu berishga rozi bo‘lgan. Diktator hammadan ham qulog‘iga zirak taqib qolgan erkaklarni yomon ko‘rgan.
Chilining bo‘lajak diktatori 1915-yilda bojxona amaldori va uy Bekasi oilasi dunyoga kelgan — u olti farzandning to‘ng‘ichi edi. Augustoning ota-onasi dindor bo‘lgan, shu sababli o‘g‘lida katoliklar cherkoviga mehr uyg‘otgan.
Pinochet yoshligidan o‘qishga bo‘lgan qobiliyati bilan ajralib turgan. U ko‘p o‘qigan va musiqa tinglagan, natijada geografiya, geosiyosat va harbiy tarix bo‘yicha ilmiy maqolalar yozishni boshlagan. Biroq jismoniy jihatdan uning omadi chopmagan. Yigitcha bolaligidan nimjon edi — u suzish va boks bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishgan. O‘z maqsadidan chekinmaydigan yigit o‘shanda biror nimaga erishmoqchi bo‘lsa, armiya borishi kerakligini tushunib yetgan. U yerda Augusto karyera zinalaridan ko‘tarilib, prezident Alvador Alyendening yaqin tarafdorlaridan biriga aylangan.
Pinochetning bolaligi Buyuk depressiya davriga to‘g‘ri kelgan, shu boisdan ham u iqtisodiyotning qulashi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lgan. Aynan shu Alyende tomonidan o‘tkaziladigan iqtisodiy siyosat unga yoqmagan. 1973-yilda inflyatsiya 600 foizdan oshib ketgan. Hukumat oylik maoshlar va ijtimoiy ta’minotlarga ajratilayotgan mablag‘larni qirqishga tushgan. Alyendening boshqaruv davri texnik defolt va ommaviy ish tashlashlar bilan davom etgan.
Mamlakatda hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tgan, biroq keyingi yilda Pinochet millatning oliy rahbari, keyin esa prezidentiga aylangan.
U birinchi navbatda iqtisodiy islohotlarni boshlagan: narxlarni liberallashtirish, biznes yuritishdagi cheklovlarni yechish, xususiylashtirish, pensiya tizimini joriy etish. Yangi sharoitlarida mamlakatga xorijiy investorlar kela boshlagan, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik qayta tiklangan. Natijada mamlakat iqtisodiyoti sezilarli darajada o‘sishni boshlagan.
Shu bilan birga, eng keskin tanqidchilar ham Pinochetning Chili iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini inkor eta olmaydi: diktator davlat budjeti defitsitini yengib o‘tgan va Alyende davrida gullab-yashnagan “qora bozor”ni yo‘qotgan. Bundan tashqari, 1948-yilda Chilida repressiyalarni to‘xtatuvchi siyosiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan. Uning davrida muxolifat bilan dialog boshlangan. Diktatorning xizmatlariga ortiqcha baho berish kerak emas — elita qatlam aql bovar qilmas darajada boyib borayotgan bir paytda, ishchilar dahalari qashshoqlashib ketgan. Aholining iqtisodiy faol qatlami orasidagi ishsizlik 30 foizga yetgan.
1988-yili Chilida referendum o‘tkazilgan bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisi Pinochetni prezidentlik lavozimida ko‘rishni istamasligi ma’lum bo‘lgan. Ovoz berish jarayonlarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan diktator hokimiyatni ushlab qolishga intilmagan va iste’fo bergan. 1990-yilda Chiliga demokratiya qaytgan. Shunga qaramay, hokimiyat baribir Pinochetning qo‘lida edi: u yana sakkiz yil quruqlikdagi qo‘shinlarning qo‘mondoni, umrining oxirigacha esa senator bo‘lib qolgan.
1998-yil kuzida Pinochet hayotida yangi davr boshlangan: 83 yoshli qariya Angliyada davolanish vaqtida hibsga olingan. Shundan keyin sud ta’qiblari va ayblovlar boshlangan. U 1998-yildan 2003-yilga qadar 4 million dollar miqdorida soliqlarni to‘lamaslik, hujjatlarni soxtalashtirish (jumladan, 12 ta pasport — bundan xorij banklarida noqonuniy hisob raqamlarni ochishda foydalangan), ko‘chmas mulklarini kamaytirib ko‘rsatishda gumon qilingan.
Diktatorning advokatlari qariya aqli zaiflikdan, qandli diabetdan, semirish, artrit, gipertoniyadan aziyat chekishini, shu sababli sud oldida javob bera olmasligini ma’lum qilib kelgan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)