“Kalmar o‘yini” seriali yulduzi Li Jon Je uchinchi mavsumda chaqaloq ishtirokidagi epizod yuzasidan tomoshabinlar orasida paydo bo‘lgan turli nazariyalarni rad etdi. WTYE nashriga bergan intervyusida u mazkur sahnada haqiqiy chaqaloq emas, balki gumanoid robot rol ijro etganini ma’lum qildi.

Bu voqea 222-raqamli ishtirokchi Jun Xi va uning o‘yin vaqtida dunyoga keltirgan chaqalog‘i bilan bog‘liq. Bolaning biologik otasi Men Gi bo‘ladi, biroq u ota bo‘lish mas’uliyatidan bosh tortadi. Natijada Li Jon Je ijro etgan Son Ki Xun obrazi bola parvarishi mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi. Epizod efirga uzatilgach, internetda go‘dakning taqdiri haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi.
“Ssenariyni birinchi o‘qiganimda va o‘yin davomida chaqaloq tug‘ilishini bilganimda hayratda qolgan edim. Bu serial uchun kutilmagan syujet edi. Lekin biz sahnada haqiqiy chaqaloq emas, balki yangi tug‘ilgan go‘dakning og‘irligi va shakliga to‘la mos bo‘lgan robotdan foydalandik. Uning mimikasi, harakatlari xuddi haqiqiy chaqaloq kabi edi. Bu menga suratga olish vaqtida katta yordam berdi”, dedi aktyor.

Shuningdek, Li Jon Je bosh qahramonning serial davomida o‘zgarishi va o‘sib borishi haqida ham so‘z ochdi:
“U bolani asrashga va’da beradi va uni oxirigacha bajaradi. Gap faqat so‘zda turishda emas, balki Ki Xunning o‘zi qanchalik o‘zgarganidadir. Qahramon bu o‘yindan hech bo‘lmasa ozgina bo‘lsa ham dunyoni o‘zgartirmay chiqib ketib bo‘lmasligini tushunadi. Uning qurbonligi mag‘lubiyat emas, insoniyat g‘alabasidir”, deya ta’kidladi aktyor.
Izoh (0)