Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi Rossiya uchun jang qilayotgan qo‘shinlari sonini uch barobarga oshiradi. Xususan Moskvaga yordam berish uchun qo‘shimcha 25-30 ming askar yuboradi. Bu haqda Ukraina razvedka hisobotida ma’lum qilindi.

G‘arb razvedkasi ham bu prognozni tasdiqlab, Shimoliy Koreya 30 ming nafar harbiyni Rossiyaga yuborishini ma‘lum qilgan.
Ukraina razvedka ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi “rus jangovar bo‘linmalariga yanada integratsiyalashish maqsadida koreys harbiylarini kerakli texnika, qurol va o‘q-dorilar” bilan ta’minlashga qodir. “Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya tomonidan bosib olingan Ukrainaning ba’zi qismlarida rus kontingentini kuchaytirish uchun” jangga jalb qilinadi. Shuningdek, Rossiya harbiy samolyotlari Pxenyan askarlarini tashish uchun qayta jihozlanayotgani haqida taxminlar bor.
CNN tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida askarlarni tashishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aks etgan. Jumladan, Rossiya portida kema, Shimoliy Koreyaning Sunan aeroportida esa yuk samolyotlari paydo bo‘lgan.


“Rossiyaning Shimoliy Koreya elita qo‘shinlaridan foydalanishi totalitar rejimga tobora ko‘proq tayanayotganini bildiradi. Shuningdek, bu ruslarning safarbarlik zaxirasi bilan bog‘liq jiddiy muammolarni ham aks ettiradi. Hamkorlarimiz bilan birgalikda ushbu tahdidlarni kuzatib boramiz va shunga muvofiq javob beramiz”, dedi Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati Pxenyan iyul yoki avgust oylaridayoq yuborilishi ko‘zda tutilgan harbiylarni tanlashni boshlaganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Rossiyaga yana 6000 nafar shimoliy koreyalik hududlarni minalardan tozalovchilar va harbiy quruvchilar yuborilishi rejalashtirilmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik faollashganiga ishora qilmoqda. Ular tomonidan joylashtirilgan videoda Shimoliy Koreya bo‘linmasining intensiv tayyorgarligi aks etgan. “TASS” tomonidan e’lon qilingan yana bir videoda koreys askarlarining Rossiya armiyasidagi faoliyatini ko‘rish mumkin.
Rossiyaga 2024-yil noyabr oyida Ukrainani Kursk viloyatidan chiqarib yuborish uchun 11 ming koreys harbiylari yuborilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pxenyanning 4 mingga yaqin askari rus-ukrain urushida halok bo‘lgan yoki yaralangan. Shunga qaramay, bu Pxenyanning Moskva bilan aloqalariga salbiy ta’sir etmagan.
Izoh (0)