Eron 19-iyun kuni tongda Isroilga 20 ta raketa uchirdi, hujum oqibatida 40 ga yaqin isroillik tan jarohati oldi. Bu haqda Times of Israel xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga Isroil bo‘ylab yangragan. Eronning ballistik raketalaridan biri Isroil janubidagi Bear Sheva shahridagi Soroka kasalxonasiga zarba bergan. Mahalliy nashrlar va ommaviy axborot vositalari bino shikastlanganini ko‘rsatuvchi shifoxonadan olingan videolarni e’lon qilmoqda. Zararning aniq ko‘lami, qurbonlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Eronning so‘nggi hujumidan so‘ng Isroilning markaziy va janubiy qismlarida kamida to‘rtta raketa qulagan joylar aniqlangan. Tel Aviv, Ramat Gana, Xolon shaharlaridagi binolarga zarbalar berilgani aytilmoqda. Ynet xabariga ko‘ra, Xolonda uch kishi, Ramat Ganada esa 12 kishi jarohatlangan. Isroil fond birjasining Tel Aviv sharqida joylashgan binosi ham nishonga olingan.
Isroil mudofaa armiyasi hujumdan oldin Erondan raketalar uchirilganini qayd etib, mamlakatning barcha aholisiga himoyalangan binolarda bo‘lishni buyurgan edi. Isroil harbiy senzurasining yangi talablariga ko‘ra, raketa qulagan joydan kadrlar e’lon qilish va havo mudofaasi ishini videoga olish taqiqlanadi.
Eron ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Eron Isroilga qarshi “Haqiqiy va’da 3” operatsiyasi doirasida hujumlarning yangi to‘lqinini boshlagan.
Izoh (0)