Dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzey, san’at, go‘zallik va tolerantlikning global ramzi bo‘lgan Luvr 16-iyun kuni yopildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, yopilishning sababi urush va terror emas, balki muzeyning charchagan xodimlari ekanligi aytilmoqda. Ular muassasaning “ichidan qulayotganini” bildirgan va ish tashlash e’lon qilgan.
Galereya xodimlari, chipta sotuvchilari va xavfsizlik xodimlari boshqarib bo‘lmaydigan olomon, xodimlarning surunkali yetishmovchili va kasaba uyushmasining “chidab bo‘lmaydigan” mehnat sharoitlaridan norozi.
Luvrning omma uchun eshiklarini yopishi kamdan kam uchraydigan hodisa. Bunday holat asosan urush va pandemiya paytida yoki ish tashlashlarda sodir bo‘lgan. Jumladan, 2019-yilda odamlarning haddan tashqari ko‘pligi sababli va 2013-yilda xavfsizlik sababli muzey yopilgan edi.
Yaqinda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Luvrdagi asosiy muammolar — suv sizib chiqishi, haroratning keskin o‘zgarishi, eskirgan infratuzilma va muzey dosh bera olmaydigan olomondan qutqarish uchun o‘n yillik keng qamrovli rejani e’lon qilgan edi. Ammo bu muddat ham muzey uchun, ham uning ishchilari uchun uzoqlik qilayotgani aytilgan.
“Biz yordamni buncha vaqt kutolmaymiz. Hozir xodimlarimiz bosim ostida. Gap faqat san’atda emas, uni himoya qilayotgan odamlarda”, dedi kasaba uyushmasi vakili.
Makronning “Luvrning yangi Renessansi” deb nomlangan ta’mirlash loyihasi muzeydagi eng mashxur eksponat “Mona Liza”ni alohida xonaga olishni ko‘zda tutadi. Xonaga vaqti belgilangan chipta bilan kirilishi aytilgan. 2031-yilgacha Sena daryosi yaqinida muzeyga yangi kirish yo‘li qurilishi rejalashtirilgan.
Luvr 2024-yili 8,7 million sayyohni qabul qilgan — bu uning infratuzilmasi uchun mo‘ljallanganidan ikki baravar ko‘p degani. Xodimlarning aytishicha, kunlik chegara 30 ming hisoblanadi. Bundan tashqari muzeyda hojatxonalar soni oz va bino ichki harorati “issiqxona effekti”ni berishi aytilgan.
To‘liq ta’mirlash rejasining taxminiy qiymati 700-800 million yevroga baholangan. U chiptalar tushumi, xususiy xayriyalar, davlat mablag‘lari va Luvrning Abu Dabidagi filiali litsenziya to‘lovlari hisobidan moliyalashtirilishi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan sayyohlar uchun chiptalar narxi 2025-yilning oxirida oshishi kutilmoqda. Ammo ishchilarning aytishicha, ularning ehtiyojlari 10 yillik rejadan ko‘ra dolzarbroq.
Izoh (0)