Fransiyaning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri — Versal saroyi va Luvr hukumatning qish oldidan energiyani tejash chora-tadbirlari doirasida kechki chiroqlarni ertaroq o‘chirishni boshlaydi. Bu haqda shanba kuni France 2 telekanali efirida Fransiya madaniyat vaziri Rima Abdul-Malak ma’lum qildi.
Biz bugun kechki payt ertaroq Luvr yoritgichini o‘chirishni o‘z tarafimizdan boshlamoqchimiz. Piramidaning yoritilishi soat 01:00 o‘rniga 23:00da o‘chadi. Shuningdek, Versal chiroqlari kelasi haftadan boshlab 23:00 o‘rniga 22:00 da o‘chadi, — dedi vazir.
Abdul-Malakning so‘zlariga ko‘ra, bu Eyfel minorasi chiroqlarini avvalroq soat 01:00 o‘rniga 23:45 da o‘chirish qarori kabi ramziy ma’noga ega bo‘ladi.
Vazir, shuningdek, isitish tizimlarini yanada zamonaviy va tejamkor tizimlarga almashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Parij meri Ann Hidalgo seshanba kuni energiyani tejash rejasini taqdim etdi, u boshqa narsalar qatorida 23-sentabrdan boshlab muzeylar va shahar hokimiyatlarini yoritish vaqtini qisqartiradi.
Bundan tashqari, Fransiya poytaxti rasmiylari shahar muassasalarida haroratni kunduzi 19 dan 18 darajagacha, kechqurun va dam olish kunlari esa 12 darajagacha tushirishni buyurdi.
Yevropa Ittifoqidagi energetika inqirozi iyul oyi boshida, Rossiyadan Yevropa Ittifoqining qator mamlakatlariga gaz yetkazib berishda birinchi uzilishlar, jumladan, Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar tufayli “Shimoliy oqim” uchun turbinalarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganida yomonlashdi.
Fransiyadagi profilaktika ishlari tufayli 56 ta yadro reaktorining yarmidan kamrog‘i ishlamoqda. Bu esa vaziyatni yanada yomonlashtirmoqda.
Izoh (0)