Mashhur aktrisa Anushka Sharma 2000-yillarning o‘rtalaridan so‘ng Bollivudga kirib keldi — hozirda u eng yuqori maosh oladigan hind aktrisalari safida turibdi. Aktrisalikdan tashqari, u xayriya ishlari bilan shug‘ullanib, jinslar tengligi va hayvonlar huquqlari uchun kurashmoqda.
Bolalik va o‘smirlik davri
Bo‘lajak aktrisa 1988-yil 1-mayda Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Ayodhya shahrida dunyoga kelgan. Qizning onasi uy bekasi bo‘lgan, otasi Ajay Kumar Sharma esa armiyada zobit unvonida xizmat qilgan. Anushkaning katta akasi Karnesh kino prodyuseri sifatida faoliyat yuritadi.
Qiz otasining talab qilishi bilan harbiy maktabni tugatib, Bangalordagi Mount Carmel gumanitar kollejiga o‘qishga kirgan. Kollejda tahsil olish davrida u modalar namoyishlarida qatnashgan va mashhur jurnallar uchun suratga tushgan.
Anushka Sharma ishtirok etgan filmlar
Sharmaning kinematografik faoliyati 2008-yilda boshlangan. Aktrisaga “Tangri yaratgan juftlik” filmida Taani Sahni rolini ijro etish imkoniyati berilgan. Anushka bilan birga filmda Shohrux Xon, Vinay Patxak va Rani Mukerji ham suratga tushgan. Intervyularining birida aktrisa bu rolni unga Xudoning o‘zi yuborgan deb ta’kidlagan. Shuningdek, u “Eng yaxshi ayol debyuti” nominatsiyasida nufuzli Filmfare mukofotiga nomzod bo‘lgan.
Ikki yildan so‘ng katta ekranlarga aktrisa ishtirokidagi 2 ta premyera — “To‘y marosimi” va “Yaramaslar to‘dasi” bir vaqtning o‘zida chiqdi. “Yaramaslar to‘dasi” filmi rejissyori Parmit Setxi uning ssenariysini dialoglar bilan birga atigi 6 kunda yozib tugatgan.
“Toki tirik ekanman” dramasi Sharmaga Filmfare mukofotining “Eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli” nominatsiyasida g‘alaba keltirdi. Anushka Discovery kanalining jurnalisti Akira Ray obrazini yaratdi. Film jahon kinoteatrlarida shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ldiki, Bollivud filmlari orasida chet eldagi daromadlar bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.
Shundan so‘ng “PK” filmi 2014-yilning eng ko‘p daromad keltirgan hind premyerasi bo‘ldi. Rejissyor Rajkumar Xirani bu fantastik komediyani o‘zining eng sara asari deb hisoblaydi. Unda Anushka Sharmaga bosh qahramon Jagat (Jaggu) Janani Sahni rolini ijro etish nasib etdi. Moliyaviy muvaffaqiyatdan tashqari, mualliflar eng yaxshi ssenariy va dialoglar uchun 2 ta Filmfare mukofotini qo‘lga kiritgan.
2020-yilda Anushka “Ingliz maktabi” filmida epizodik rol ijro etdi, Sharmaning hamkasbi Irfon Xon esa bosh rolni o‘ynadi. Aytgancha, Xonga eng yaxshi aktyor sifatida Filmfare mukofoti topshirildi. Afsuski, bu film uning faoliyatidagi so‘nggi ishi bo‘lib qoldi — 2020-yil 29-aprelda u kasalxonaga yotqizilganidan keyin vafot etdi.
Shaxsiy hayoti
Aktrisaning muxlislari orasida ularning sevimli yulduzi plastik jarrohlik qildirganmi yoki yo‘qmi, degan bahslar to‘xtamayapti. 2014-yil fevralida u jarrohlik amaliyotidan o‘tganligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Ammo lablarni vaqtinchalik kattalashtiruvchi vositadangina foydalanganini ta’kidladi.
2017-yil qishda Sharma o‘z sevgilisi — kriket o‘yinchisi Virat Koxliga turmushga chiqdi. Ular to‘ygacha bir necha yil davomida uchrashib yurgan. Internetda juftlikning goh ajrashib, goh yarashgani haqidagi xabarlar tez-tez paydo bo‘lib turardi.
Anushka Sharma va sportchining to‘yi Italiya janubidagi ijaraga olingan mulkda o‘tkazildi. Mehmonlar orasida ko‘plab Bollivud yulduzlari, sportchilar va yuqori lavozimli amaldorlar bor edi. Yevropaga kela olmagan mehmonlar uchun juftlik Nyu Dehlidagi mehmonxonada alohida tantanali qabul marosimi uyushtirdi.
2021-yil 11-yanvarda aktrisa qizli bo‘ldi. Baxtli ota-ona to‘ng‘ich farzandlariga Vamika deb ism qo‘yishdi. Yulduzning ijtimoiy tarmoqlaridagi merosxo‘r bilan birinchi oilaviy surati u tug‘ilganidan bir yil o‘tgach paydo bo‘ldi.
Anushka Sharma hozir
Hozirda Sharma filmografiyasini yangi kinolar bilan boyitishni davom ettirmoqda. 2022-yil dekabr oyining oxirida “Chakda Xpress” filmining suratga olish ishlari yakunlandi. Unda Anushkaga bosh qahramon Julan rolini ishonib topshirishdi. Drama kriket o‘yinchisi Julan Gosvamining hayotiga asoslangan. Jahon premyerasi 2023-yil dekabr oyining o‘rtalariga mo‘ljallangan.
Izoh (0)