Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev gibrid avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi yuzasidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonga olib kirilayotgan gibrid avtomobillarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida “Yevro-4” ekologik toifasidan kam bo‘lmaganini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab etilayotgani jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, ushbu transport vositalari “Yevro-5” yoki “Yevro-6” ekologik standartlariga javob beradigan elektrodvigatellar bilan jihozlangan holda mamlakatga olib kirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda ekologik sertifikatlash tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo‘lmasa, transport vositasi identifikatsiya yo‘li bilan baholanishi mumkin.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2022-yil 12-apreldagi qarorida “gibrid avtomobil” tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy “M” va “N” toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda.
Shundan kelib chiqib Anvar To‘ychiyev Aziz Abduhakimovga:
- respublikada faoliyat olib borayotgan ekologik sertifikatlash organining tashkiliy-huquqiy asoslari, faoliyatini tartibga solish tartib-taomillari;
- avtomobillarni ekologik standartdan o‘tkazuvchi akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalari, ularning moddiy-texnik bazasi, avtomobillarni sinovdan o‘tkazish qamrovi va imkoniyatlari;
- elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni rasmiylashtirish jarayonida ekologik sertifikat olish to‘g‘risidagi talabning meʼyoriy-huquqiy asoslari;
- arizani ko‘rib chiqish, ekologik sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va ekologik sertifikat berish yoki uni berishni rad etish yuzasidan ishlar qiymati bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdori masalalariga aniqlik kiritish bo‘yicha tushuntirish berish so‘rab senator so‘rovi yubordi.
Mazkur senator so‘rovi orqali mavjud tartibning taʼminlanishi, joriy etilgan amaliy mexanizmlarda shaffoflikka erishish hamda tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha qiyinchiliklarga va ovoragarchilikka duch kelmasligi maqsadi nazarda tutilgan.
“Autodeklarant” Telegram kanalining yozishicha, elektromobil sifatida “rastamojka” qilinadigan gibrid avtomobillar — Lixiang, Leapmotor, Voyah, Deepal, AITO, Neta, Avatr va boshqalar. Biroq hozirda bojxona tomonidan elektromobil kodida (8703 80) rasmiylashtirilayotgan ekologik toza gibrid avtomobillardan ham “Yevro-4” ekologik toifasidan past emasligini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab qilinmoqda.
Ekologik sertifikat bir modeldagi avtomobilning barchasi uchun emas, aksincha har bir dona avtomobil uchun alohida olinadi va har bir dona avtomobil uchun 2 million so‘mdan ko‘proq to‘lov qilinishi kerak.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, “Yevro-4”dan past toifadagi avtomobillarni O‘zbekistonga olib kirish shundoq ham imkonsiz.
O‘zbekistonga “Yevro-4” toifasidan past bo‘lgan ekologik toifadagi avtomobillar importi 3 yil avval taqiqlangan. Yevropada 14 yil avval, Xitoyda 9 yil avval “Yevro-4”dan past toifadagi avtomobillarni ishlab chiqarish to‘xtagan, ya’ni bunday moshinlarni import qilish jismonan imkonsiz, deydi u.
O‘zbekistonda dvigatellarni Yevro darajasini aniqlab beradigan uskunaning o‘zi yo‘q. Bunday sertifikat ishlab chiqaruvchi taqdim etgan hujjat asosida beriladi.
Izoh (0)