Ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev Yangiyo‘l tumani IIBga chaqirilib, bir necha soat ushlab turilganini, ustdan asossiz ariza berilganini ma’lum qildi.

“Kecha maslahatlashish bahonasida Yangiyo‘l tumani IIBga chaqirilib, bir necha soat ushlab turildim. Ustimdan asossiz ariza berilgan. Yashash joyim ham propiskam ham Yangiyo‘lda emas. Biroq nega Yangiyo‘l IIB bu ish bilan shug‘ullanayotgani tushunarsiz”, deb yozdi.
Uning qayd etishicha, tushuntirishlariga qaramay ish uchun ahamiyati bo‘lmasa-da mobil telefon olib qo‘yildi.
“Maqsad telefonni olish vassalom. Bunisi esa tushunarli. Kimlargadir telefonim kerak bo‘lyapti. Kimlarga ekani ma’lum, buni boshqalar ham fahmlagan bo‘lsa kerak...
Hammasi xolis va qonuniy bo‘lsa-ku mayli. Biroq bir safar telefonimni xodimlarga qoldirganimdan so‘ng, ancha vaqtgacha kontaktimdagi insonlardan e’tiroz eshitishimga to‘g‘ri kelgan. Men bexabar ularga meni akkauntlarim orqali noqonuniy, axloqsiz materiallar yuborilgan...”, deydi Kusherbayev.
Shuningdek, qo‘shnilaridan ham IIB xodimlari u haqida yashirin va shubhali surishtiruvlar olib borayotgani, ma’lumotlar to‘plashayotganini ham bildirib o‘tib, buni ham tushunarsiz holat deb atagan.
“To‘g‘risi men bu ishlarni tushunmayapman, lekin Yangiyo‘l tumani IIBning sobiq boshlig‘i, hozirda esa Ichki ishlarning yangi vaziri hurmatli Aziz To‘shpo‘latov tushunsalar kerak. Chunki bu ishlar negadir ularning vazir lavozimiga kelishlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda”, deydi u.
Rasul Kusherbayev yuqoridagi holatlar yuzasidan ichki ishlar vaziridan izoh talab qildi.
Rasul Kusherbayev 2023-yilning fevralidan buyon ekologiya vaziri maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda. Tayinlovga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lib faoliyat yuritgan. Jamoatchilik faoli sifatida jamiyatdagi turli muammolarga doimiy ravishda o‘z munosabatini bildirib keladi.
Izoh (0)