Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi bloger, ayni kundagi sobiq amaldor Olim Sulaymonov Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev unga nisbatan nohaqlik qilganini aytib, YouTube’da videochiqishlarni amalga oshirmoqda. Bloger, shuningdek, ochlik e’lon qilib, o‘zining ta’biri bilan aytganda, unga nisbatan bo‘layotgan nohaqliklarga qarshi shunday kurashishni maqsad qilgan.
“Daryo” bloger Olim Sulaymonovni qiziqtirayotgan savollarga javob topish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulovga yuzlandi va aslida nima bo‘layotgani bilan qiziqdi.

To‘g‘risini aytsam, Olim Sulaymonovni 2017-yildan beri kuzataman. Bu insonda qandaydir yumorga sabab bo‘lgan voqealar ham bor. Bizning xalqimiz jinnilikni sevadi-da, lekin bu Olim Sulaymonovga tegishli emas. Har bir odamning ichida qandaydir ma’noda bir jinnilik ham yashaydi va odam qaysi xususiyatlarini rivojlantirishini o‘zi belgilaydi. Daholik bilan telbalik esa bir xil jihatlarda namoyon bo‘lishi isbotlangan. Sulaymonov 2017-yilda unga trollar hujum qilayotganini aytganida, bu chiqish xalqqa kayfiyat bergan edi. O‘shanda u trollni noto‘g‘ri ifodalab, tushunmasdan gapirganini hamma bilib turgandi. Mana shu soddadil holati va o‘sha bolalarcha samimiyligi bilan odamlarga yoqqan.
Olim Sulaymonov ochiqlik siyosatining ilk yillari, shovqinli davrlar va hamma jurnalist bo‘lishni istab qolgan paytlarning mahsuli hisoblanadi. Toshkent viloyati hokimligi, umuman, hukumat bu insonning turli, chuchmal, noo‘rin yoki asoslanmagan fikrlari uchun javobgar qilmayotgani bu hurmatli prezidentimizning ochiqlik siyosati rivojlanayotgan davriga to‘g‘ri kelayotgani, aynan shu siyosatga putur yetkazmaslikka harakat qilinayotgani bilan bog‘liq. Boshqa sabab yo‘q, deydi Zoir Mirzayevning matbuot kotibi Behzod Qobulov.
Olim Sulaymonovga berilgan lavozim nega olib qo‘yildi?
-TVPG0jpB.avif)
Zoir Toirovich OAV va jurnalistlarga judayam e’tiborli, prezidentimizning ochiqlik siyosatini chuqur tushunib yetgan va shunga gard yuqtirmaslikka harakat qiladigan, qat’iy amal qilib keladigan rahbar. Olim Sulaymonov g‘ayratli va shijoatli inson. Energiyaga to‘la. Zoir Toirovich shu energiya va kuchini ko‘rib, zavqi keldimi, shu insonning ish bering, deya takroriy qilgan murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmadi. Tajriba tariqasida, shuningdek, u kishining migratsiya sohasida ishlayman, degan gaplari uchun imkoniyat yaratildi. Afsuski, bu odamning o‘zini tutishi va ish olib borishi bu qaror o‘zini oqlamaganini ko‘rsatdi. Toshkent viloyatida 22 ta tuman va shahar kesimida 80 ming nafar kishi xorijda migrant sifatida yuribdi.
Bu odamning talabini eshitib hayron qolganman. Hammasini birma-bir o‘zim o‘rganaman, o‘zim ko‘raman, keyin hujjatga qo‘l qo‘yaman. Qo‘shib yozish va soxtalik bor, degan. Sog‘lom odamning gapimas-da bu. 82 ming nafar odam bilan shaxsan o‘zi qanday uchrashib, qanday o‘rganadi? Davlat boshqaruvi tizimidagi odamda ozgina tushuncha bo‘lishi kerak-ku. U boshqarma boshlig‘i, tumanlarda unga biriktirilgan o‘sha tizim bor. Ishlash tartibi mexanizmlari bor. Ular bir-biriga ishonib ma’lumot olishi mumkin. Raqamlar ham havodan olinmaydi-ku. O‘zbekistonga kirgan, chiqqan fuqaroning hisobi yuritiladi. Bu tizim bilan hokim yordamchilari, xotin-qizlar ishlaydi. Bu odamning bir o‘zim qilaman, deyishi — surbetlik, o‘ta ketgan surbetlik-da. Sog‘lom odam buncha inson bilan o‘zi ko‘rishib, gaplashib chiqolmasligini, bunga umri yetmasligini biladi, deydi mas’ul.
Behzod Qobulovning qo‘shimcha qilishicha, Olim Sulaymonovni Zoir Mirzayev ishdan olgan, degan iddao ham xato.

Olim Sulaymonov sobiq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyati, ya’ni ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan olingan. Prezident farmoniga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi tugatilayotgani, isloh qilinayotgani sabab unga ikki oy avval ogohlantirish xati berilib, boshqa ish izlashi uchun moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish topishi uchun vaqt ham berilgan. Meni viloyat hokimi ishdan oldi, deyishi xato bo‘ladi, deydi hokimlik axborot xizmati rahbari.
Behzod Qobulovning aytishicha, Olim Sulaymonovning videochiqishlari Toshkent viloyati mas’ullarining sabri, irodasi va tuhmatga bo‘lgan bir immunitetini sinovdan o‘tkazmoqda.

Hokimlikning rasmiy munosabatida qo‘shimcha qilinishicha, Olim Sulaymonov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari, tashkilot rahbarlari, fermerlar, klasterlar tomonidan qonunga zid xatti-harakatlar amalga oshirilayotgani haqida umumiy gaplardan iborat chiqishlar qilib kelmoqda.
Aslida, Olim Sulaymonov o‘zi da’vo qilayotgan faol fuqarolik pozitsiyasidan kelib chiqib, mazkur qonunbuzilish holatiga doir bitta fakt, aniq misol bo‘lsa, huquq-tartibot idoralariga zudlik bilan murojaat qilishi lozim edi. Biroq Olim Sulaymonov o‘ziga yuqori lavozim berilishini talab qilib, Toshkent viloyati hokimi, uning o‘rinbosarlari, matbuot kotibi, viloyatdagi boshqarma va tashkilot rahbarlari va boshqa davlat xizmatchilari faoliyatiga doir haqorat va tuhmatdan iborat so‘zlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali aytib kelmoqda. Hech qanday faktlarsiz, aniq misollarsiz Toshkent viloyatidagi barcha darajadagi davlat xizmatchilari sha’nini yerga uruvchi, haqiqatdan yiroq bo‘lgan bunday gap-so‘zlar ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Ta’kidlaymizki, Olim Sulaymonov Tashqi mehnat migratsiyasi Toshkent viloyati boshqarmasiga qisqa vaqt rahbarlik qilgan vaqtda o‘zining boshqaruv sohasidagi noto‘g‘ri qarorlari, yondashuvlari, umuman, malaka talabiga javob bermagani tufayli ishdan bo‘shagan. Davlat boshqaruvi sohasida ishlash imkoniyati berilganini noto‘g‘ri tushunib, rahbar shaxslarni obro‘sizlantiruvchi gaplar aytib, o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga obunachilarni ko‘paytirishni maqsad qilib, o‘z ishi qolib, faqat blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanib keldi. Bir so‘z bilan aytganda, u berilgan imkoniyatdan foydalana olmagan. U mas’ul lavozimda ishlab yurgan paytlarida migratsiyaga doir davlat siyosati mohiyatini tushunmasdan, mehnat migrantlari yoki ta’lim, dam olishga sayohatga borgan fuqarolar o‘rtasidagi farq va tafovutlarni ajratmay, umumiy raqamlarni noto‘g‘ri talqin qilib, ijtimoiy tarmoqlarda aholiga muntazam noto‘g‘ri ma’lumot berib kelgan. Bu orqali hududda migrantlar bilan ishlashga doir umumiy ishga katta ziyon keltirdi. Qat’iyan ta’kidlaymizki, bu borada Olim Sulaymonov tomonidan aytilgan boshqa barcha gap-so‘zlar tuhmat va haqoratdan iborat.
Toshkent viloyati hokimligi jamoasi Olim Sulaymonovni bunday tuhmat va haqoratdan iborat gaplarini to‘xtatishga, ochiqlik siyosatini suiiste’mol qilmaslikka chaqiradi. Yana bir marta ta’kidlaymiz, har qanday qonunbuzarlikka doir aniq fakt yoki misol bo‘lsa, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishi lozim. Shaxsiy farazlardan iborat va g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab haqorat, kamsitish va yolg‘ondan iborat gaplar aytish va tarqatish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi haqida ma’lum qilamiz, deydi mas’ullar.
Izoh (0)