Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi futbolchisi Neymar professional faoliyatidagi eng yaxshi bosqich haqida gapirdi.
“Mening eng yaxshi sport yillarim “PSJ” klubida bo‘lgan. Achinarlisi men tez-tez jarohatlanardim va tiklanishga 3-4 oy ketardi. Bu meni juda bezovta qildi. Ammo futbol nuqtai nazaridan, “PSJ”dagi Neymar butun faoliyatimdagi eng yaxshi Neymar edi. Men o‘z futbolimni fransuzlarga taklif qila olganimdan xursandman”, deya Neymar so‘zlarini keltiradi RMC Sport.
Neymar 2023-yilning avgustida “Al-Hilol” futbolchisiga aylandi. Uning Saudiya klubi bilan shartnomasi 2025-yilning iyunigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali xabariga ko‘ra, hujumchining transfer qiymati 30 million yevroga baholanmoqda. Bundan avval futbolchi “PSJ”, “Barselona” va Braziliyaning “Santos” klublarida o‘ynagan.
“Sport.de”ning ispan OAVlariga tayanib braziliyalik futbolchi Saudiya Arabistonidagi faoliyatidan so‘ng “Real”ga o‘tishni orzu qilayotgani haqida xabar bergandi.
Avvalroq hujumchi Dubaydagi Binghatti Residences majmuasidan 50 million yevroga pentxaus sotib olgandi.
Izoh (0)