O‘tgan haftada Reuters va CNN pulli obunani joriy etgan eng so‘nggi yangiliklar saytlariga aylandi. Ikki tashkilot o‘rtasida juda ko‘p umumiylik bor: ikkisi ham 1995-yilda raqamli qamrovni boshlagan va hozir qaysi takliflar o‘quvchilarni obuna bo‘lishga undashi mumkinligini aniqlash jarayonida.
Ularning sa’y-harakatlari reklama daromadlari, shuningdek, hajmga asoslangan jurnalistika bozori pasaygan bir paytda amalga oshirilmoqda. Yaqinda Pew tadqiqotiga ko‘ra, amerikaliklarning katta qismi — 86 foizi raqamli qurilmalaridan hech bo‘lmaganda ba’zi yangiliklarni olishi aniqlandi. Xalqaro News Media assotsiatsiyasining tadqiqotchisi Greg Pixota kuzatganidek, o‘quvchilarning aksariyati o‘zlari iste’mol qilgan yangiliklar uchun pul to‘lamaydi. Lekin ko‘pchilik buni ma’lum narx evaziga qilishga tayyor va global talab mavjud.
“Dunyo bo‘ylab ko‘pgina individual milliy yangiliklar brendlari o‘zlarining pulli onlayn mahsulotlari bilan o‘z bozorlaridagi uy xo‘jaliklarining 1 foizdan kamiga yetib boradi”, dedi u.

Reuters
Litsenziyalash biznesi bilan mashhur bo‘lgan Reuters uchun pulli obuna to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilar tarmog‘i bilan ishlaydigan Reuters Professional’ni rivojlantirishga qaratilgan. Reuters veb-sayti va ilovasiga kanadalik tashrif buyuruvchilardan endi haftasiga bir dollar olinadi. Kelgusi oylarda bu jarayon AQSH va Buyuk Britaniyada ham boshlanadi. Oxir-oqibat pulli obuna to‘liq global bo‘ladi.

Reuters o‘zining raqamli auditoriyasini 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tkazishni boshladi. Shundan beri dunyoning 240 mamlakati va hududidan o‘quvchilar bu saytni kuzatib boradi. Kompaniya oyiga 45-50 milliongacha unikal tashrif buyuruvchilarga ega ekanligini aytadi. Yangi tashabbus, Londonning ta’kidlashicha, turli yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud takliflarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
U maqsadlar, joriy daromad yoki kelajak rejalarini oshkor qilishdan bosh tortdi; kompaniya hali pulli obuna qat’iy bo‘lib qoladimi yoki dinamik modelga o‘tadimi, bir qarorga kelmagan. “Biz ma’lumotlarni kuzatamiz, moslashamiz va vaziyatni o‘rganib boramiz”, dedi u. Uning fikricha, kompaniyaning obro‘si — Reuters ishonch reytinglarida yuqori o‘rinni egallaydi — ijobiy natijalar va’da qiladi.
“Biz fikr bildirmaymiz. Biz odamlarga nimani o‘ylash, nimani sotib olish, kechki ovqatga nima qilish kerakligini aytishga harakat qilmaymiz. Biz boshqa axborot tashkilotlaridan farqli ravishda faktlarni yetkazishga qaratilgan tor yo‘nalishga egamiz. Biz bu yo‘nalish juda jozibali deb o‘ylaymiz”, dedi u.
CNN
Tashrif buyuruvchilardan oyiga 3,99 yoki yiliga 29,99 dollar to‘lashni talab qiladigan CNN uchun pulli obuna uning bosh direktori Mark Tompson ishlab chiqqan uzoq muddatli o‘zgarishlarning bir qismidir. CNN o‘z bayonotida to‘lovni “CNNning kashshof ruhini tiklash” va “kelajakdagi yangiliklar tajribasini rivojlantirishda yetakchi mavqega ega bo‘lish” yo‘lidagi harakat sifatida e’tirof etdi.
“Ushbu ishga tushirish CNN’ning iste’molchiga yo‘naltirilgan raqamli mahsulot kompaniyasiga aylanish yo‘lidagi birinchi qadamdir”, deb yozdi kompaniyaning ijrochi vitse-prezidenti Aleks Makkalum. Kelgusi oylarda “biz yangi mahsulotlar va korxonalar yaratamiz, mahsulot, muhandislik, ma’lumotlar va obunalarda yangi imkoniyatlarni ishga solamiz va ishimizni rivojlantiramiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Bunga CNNning analitik infratuzilmasini rivojlantirish ham kiradi, chunki kompaniya saytga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tganlarning xatti-harakatlarini kuzatib boradi.
O‘z hisobiga ko‘ra, CNN veb-sayti va ilovasi oyiga 150 million unikal tashrif buyuruvchilarga ega. Televizion tomoshabinlar soni kamaygani sababli, ushbu auditoriyadan foydalanishni boshlash umidida. So‘nggi to‘rt yil ichida kabel abonentlari soni uchdan biriga kamaydi; reytinglar pasaygan; bu yil birinchi marta reklama beruvchilar raqamli video platformalar va chakana ommaviy axborot vositalariga televideniyedan ko‘ra ko‘proq pul sarflashlari prognoz qilinmoqda. CNN kabel tomoshabinlarining o‘rtacha yoshi oltmish yetti; ko‘pchilik yoshlar yangiliklarni boshqa vositalar orqali olishadi. 2020 va 2023-yillar oralig‘ida CNN daromadi taxminan bir milliard dollardan 892 million dollargacha kamaydi.
CNN o‘zining raqamli strategiyasi sabr-toqatni talab qilishini tushunmoqda. O‘tgan yilning shu vaqtida tarmoq boshqaruvini o‘z zimmasiga olgan Tompson avvalroq New York Times gazetasining raqamli qayta ko‘rib chiqilishini nazorat qilgan va u yerda bosh direktor sifatida nafaqaga chiqqan. New York Times raqamli daromadni ikki baravar oshirish maqsadida 2011-yil mart oyida pulli obuna joriy qildi. O‘n yil davomida kompaniya ushbu maqsadga erishdi. Ammo Times — bu oilaviy do‘kon; Moliyaviy muammolarga ega bo‘lgan Warner Bros. Discovery kompaniyasiga tegishli CNN natijalarni tezroq ko‘rsatishi kerak bo‘lishi mumkin.
Mark Tompson kelishi bilan CNN xodimlariga “yangi inqilob”ni va’da qildi va o‘shandan beri rahbarlar “CNNni vertikal mobil yo‘naltirilgan format uchun qayta kashf qilish” rejalarini muhokama qilishdi. Bu sa’y-harakatlarni MakKallum nazorat qiladi. U Times’da Tompson qo‘l ostida ishlagan va tarmoqning oldingi rahbarligida ishlab chiqilgan obuna oqimi xizmati CNN+ ning bosh menejeri bo‘lgan.
CNN matbuot kotibi Emili Kunning ta’kidlashicha, pulli obuna tashkil qilgan yuqoridagi ikkita kompaniyani solishtirmaslik kerak. “CNN+ buyurtma asosida ishlab chiqarilgan yangi striming xizmati bo‘lib, boshlang‘ich auditoriyasi nolga teng. “Unda pulli obuna auditoriyasi uchun yaratilgan maxsus video kontent va shoular mavjud edi”, dedi u. “CNN.com saytiga obuna bo‘lish — bu har kuni millionlab odamlarga xizmat ko‘rsatadigan veb-saytimizdan foydalanish va bizning avvaldan mavjud bo‘lgan reportajlarimizni tomosha qilish imkonini beradi”.
4-oktyabr, juma kuni CNN o‘zining bosh sahifasida ko‘rsatilgan obunachilar uchun birinchi eksklyuziv kontentini chiqardi: siyosiy kampaniyalarda erkaklar rolini o‘rganuvchi qisqa hujjatli film (“Flash Docs”). 2022-yilda CNN+ telekanalining bir qismi sifatida qisqa, zamonaviy va dolzarb pop-madaniyat hikoyalarini tayyorlash uchun tashkil etilgan “Flash Docs” bo‘limi o‘n daqiqadan kamroq hujjatli filmlar seriyasini ishlab chiqadi. Obunachilar ham kamroq reklamalarni ko‘rishadi. To‘lov tizimi hamma narsaga taalluqli bo‘lmaydi. CNN tayyorlaydigan vertikal videolar hamma uchun bepul bo‘ladi.

Poynter institutining media-biznes tahlilchisi Rik Edmonds aytganidek, o‘z telefonlariga ko‘proq bog‘langan yoshlar yangiliklarga unchalik qiziqmaydi, lekin ular buning uchun pul to‘lashga ko‘proq tayyor. “Ular o‘yin-kulgi uchun pul to‘lash kerak bo‘lgan dunyoda yashaydilar. Shuning uchun ularga pulli obuna g‘ayritabiiy tuyulmaydi”, dedi u.
Oksford universiteti qoshidagi Reuters instituti tomonidan har yili yangiliklar iste‘molchilari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnoma tahliliga ko‘ra, AQSHning onlayn pulli yangiliklar bozori avvalgisidan ikki baravar ko‘proq o‘sishi mumkin. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, iste‘molchilarning pulli platformalarga o‘rtacha kirishi 3,5 baravar ko‘paygan.
“Menimcha, onlayn yangiliklarga obuna bo‘lishning chegarasi yo‘q”, deydi Pixota. “Tasavvur qiling, siz Nyu York markazidagi One World Trade osmono‘par binosi oldida turibsiz. Aksariyat yangiliklar brendlari bu binoning faqat birinchi qavatiga yetib borgan, yuzinchi qavat esa bulutlar ichida uzoqda qolmoqda”.
Avvalroq “Daryo.uz” saytida ham ayrim maqolalarni o‘qish pulli bo‘lganini xabar qilgan edik.
Chunki professional jurnalistlar jamoasini tuzish, sifatli kontent yaratish, o‘quvchilar talabiga munosib javob berish, albatta, o‘ziga xos mablag‘ni talab etadi.
“Daryo” sayti obunachilar talabidan kelib chiqib xabar va maqolalar sifatini oshirish uchun izlanishda davom etadi.
Izoh (0)