Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer bilan uchrashdi.
Tomonlar o‘rtasida muhandis-texnika mutaxassislarini tayyorlashda o‘zaro ta’lim dasturlarini joriy qilish, Germaniya Federativ Respublikasidan tajribali olimlarni O‘zbekistonga taklif qilish, dolzarb global muammolar yechimiga qaratilgan o‘zaro ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama etildi.
Men uchun mamlakatingizda elchi bo‘lib xizmat qilish katta sharaf. O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan yo‘nalishlarida bir qator muhim ishlarni birgalikda amalga oshirishimizga ishonaman, dedi Manfred Xuterer.
Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov elchi bilan suhbatda O‘zbekistonda ilk nemis tili universitetini tashkil etish masalasiga ham to‘xtalgan.
“Bugungi kunda o‘zaro talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, yosh olimlarning Germaniyada ilmiy stajirovkalarini tashkil etish muhim yo‘nalishlardan biridir. Shuningdek, Germaniya tomoni bilan O‘zbekistonda ilk nemis tili universitetini tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligimizni ma’lum qilaman”, dedi vazir.
Joriy yilning 15—22-iyul kunlari Germaniyaning Gettingen shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida o‘zbekistonlik iqtidorli maktab o‘quvchisi Rayyona Ibrohimova oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
Izoh (0)