Joriy yilning 8–9-avgust kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchi mamlakat rahbarlari qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy ID-kartalarini o‘zaro tan olish taklifini, Qozog‘iston rahbari esa mintaqa davlatlari uchun mudofaa sohasida mintaqaviy hamkorlik zarur ekanligini qayd etdi.
“Daryo” Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi haqida siyosatshunos Oybek Sirojov va iqtisodiy tahlilchi Qobiljon Isayevlar bilan suhbatlashdi.
— Oldingi Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi Tojikistonda bo‘lib o‘tgan edi. Ostondagi uchrashuv o‘tgan uchrashuvdan nimasi bilan farq qildi deb hisoblaysiz?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Bundan 6 yil oldin Qozog‘istonda ayni shu siyosiy institut shakllantirilgan edi. Tojikiston prezidenti o‘z nutqida shu vaqtga qadar 100 dan oshiq shartnomalar imzolangani qayd etdi. Ayni damda mintaqa mamlakatlarini birlashtiradigan va integratsiya uchun zamin hozirlaydigan siyosiy institut — aynan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hisoblanadi. Lekin shunga qaramasdan 5 ta mamlakat o‘rtasidagi integratsiya uchun tashlanayotgan qadamlar sust ekanligini alohida ta’kidlashimiz kerak.
6 yil davomida davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch biroz ko‘tarildi. Biroq umumiy amalga oshirilayotgan ishlar biz kutgan natijani bermayapti. Bugun mintaqani birlashishi uchun unikal vaziyat shakllangan. Bundan biz foydalanishimiz kerak!
Qobiljon Isayev, iqtisodiy tahlilchi:
— Markaziy Osiyo masalasi iqtisodiy tahlilchilarning asosiy poligon hisoblanadi. Chunki mintaqa davlatlarining yagona tuzilma sifatida dunyo bozoriga chiqishi har tomonlama manfaatli. Hozir ayrim davlatlar integratsiya guruhlari orqali dunyoga ta’sir ko‘rsatishni boshladi. Biroq Oybek aka aytib o‘tganlaridek, siyosiy qadamlar bor, lekin iqtisodiy natijalarga erishishda ancha qiynalmoqdamiz.
Masalan, Markaziy Osiyo davlatlarini birlashishida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining o‘rnini olaylik. Bu tashkilot g‘oya jihatdan iqtisodiy tuzilma edi. Lekin asta-sekin siyosiy ko‘rinishlarini qila boshladi. Misol uchun, Hindiston va Eron tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Nega hozir Markaziy Osiyo davlatlarini birlashuvi uchun qulay holat? Sababi Rossiya ayni damda Ukraina bilan ovora, Xitoy esa “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini o‘ylamoqda. Mana shunday sharoitda bizga iqtisodiy infratuzilmalar muhim. Aslida ideal ma’nodagi integratsiya Markaziy Osiyoning ichida. Yana bir integratsion tashkilot bor bu — turkiy tilli davlatlar. Bu tashkilotda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirgan mamlakatlar bor. Lekin bu g‘oya Tojikiston va Afg‘onistonni qoniqtirmaydi. Shuning uchun Markaziy Osiyo uchun umumiy g‘oya o‘ylab topishimiz kerak.
To‘g‘ri, hozir yagona til va ID kartalarni tan olish masalalari ko‘tarilmoqda, lekin bularni 1-2 yilda amalga oshirib bo‘lmaydi. Agar davlatlar birlashib, bir tizimni joriy qilgani bilan bu narsa ichkaridagi ifratuzilmaga ta’sir qilishi savol ostida qoladi. Bundan 20-30 yil oldin qo‘shni mamlakatlarni birida bir tanishingiz bo‘lgan. Ya’ni netvorking shakllangan edi. Hozir mintaqada bordi-keldi aloqalari uzilib qolgan.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Maslahat uchrashuvi 6 yildan buyon davom etib kelmoqda, endi bu formatni biroz takomillashtirish kerak. Buni O‘zbekiston rahbari ham qayd etib o‘tdi. Balki bu tashkilotga qandaydir vakolatlar berilar?
Uchrashuv davomida Tojikiston va Qozog‘iston rahbarlarining chiqishlarida xavfsizlik masalasiga katta e’tibor qaratildi. Masalan, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev uchrashuvdan oldin e’lon qilingan maqolasida, Markaziy Osiyo perimetri bo‘ylab murakkab harbiy-siyosiy vaziyat saqlanib qolayotgan bir sharoitda mudofaa siyosati va xavfsizlik sohasida hamkorlik zarur ekanligi ta’kidlagan.
Har bir mintaqaning o‘z integratsion modeli bo‘lishi kerak. Misol uchun, Yevropa Ittifoqida shakllantirilgan integratsion model Markaziy Osiyoga mos kelmaydi. Sababi ularni o‘z imkoniyatlari va geografik joylashuvi mavjud. Meni nazarimda, Markaziy Osiyo integratsiyasi transport yo‘laklari asos bo‘la oladi.
Har bir jabhada umumiy pozitsiyaga ega bo‘lish o‘ta murakkab va muhim masala. Masalan transport komunikatsiya sohani solsak. Bugun dunyoda konfrantatsiya jarayoni kuchayib, yangi chaqiriqlar yangramoqda. Natijada dengiz yo‘llaridan foydalanish masalasi cheklanib bormoqda. Dengiz yo‘liga muqobil variant bu — quruqlik yo‘li. Yevropaga o‘tuvchi quruqlik yo‘llarining asosiy qismi Markaziy Osiyodan o‘tadi. Faqat bu yerdagi muammo mintaqa davlatlarining bu masalada umumiy pozitsiyada emasligida. Shuning uchun umumiy strategiya ishlab chiqilishi kerak. Va bu qarorni global o‘yinchilar oldiga qo‘ya olish zarur. Mana bu bizga ko‘proq samara beradi.
“Masalan, Xitoyni “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini olaylik. Bu loyiha mintaqani birlashtirish uchun xizmat qilmaydi. Chunki Xitoy Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston orqali alohida-alohida yo‘l shakllantirmoqda, Xitoy nima uchun shunday qilmoqda? Bu orqali Xitoy bir muncha vaqt o‘tib mintaqa davlatlarini bo‘lib tashlash imkoniaytiga ega bo‘ladi! Ya’ni Xitoy istasa yuklarini Qozog‘iston orqali, xohlasa O‘zbekiston orqali Yevropaga tashiydi. Asosiy richak Xitoyni qo‘lida bo‘ladi. Agar yagona mintaqa davlatlarining bu borada yagona konsepsiyasi bo‘lsa, Xitoy bunday o‘yin qila olmaydi”, dedi siyosatshunos.
Yevropa Ittifoqining yutug‘i — integratsiya uchun asosni topa olganida. Huddi shunday asos Markaziy Osiyoda energiya zaxiralari bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Qozog‘istonda neft va gaz ko‘p. Ular asosan Rossiyaga eksport qiladi. Lekin O‘zbekistonning neftni qayta ishlash zavodlari 3/1 quvvatda ishlamoqda. Yoki bo‘lmasa gaz masalasi. Turkmanistonda gaz ko‘p, O‘zbekistonda esa gazni qayta ishlovchi zavodlar mavjud. Agar shu ishlarga siyosiy iroda topib amalaga oshirsak, mintaqada davlatlari uchun ancha foydali bo‘ladi.
Qobiljon Isayev, iqtisodiy tahlilchi:
— Oybek aka to‘g‘ri aytib o‘tdilar, Yevropa Ittifoqi integratsiya uchun juda na’munali tashkilot. Chunki yagona valyutani joriy etish darajasigacha borgan. Lekin Markaziy Osiyoda yagona savdo yoki bozor bo‘lishini hech kim ayta olmaydi. Sababi Yevropa boshqa sektorda, Markaziy Osiyo boshqa sektorda. Shuning uchun bu yerda ko‘p narsani iqtisodiy tadqiqotlar hal qiladi. Davlat iqtisodiy tadqiqotlarni amalga oshirishi kerak. Iqtisodiy integratsiyani amalga oshirish uchun men o‘zaro migratsiyani kuchaytirish kerak deb hisoblayman. Ya’ni Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini tanishi muhim. Buni yo‘lga qo‘yadigan mamlakatni tadbirkorlari hisoblanadi. Pul va netvorkingdan keyin siyosat shakllanadi.
— Qozog‘iston prezidenti uchrashuvdan oldin e’lon qilingan maqolasida, Markaziy Osiyo perimetri bo‘ylab murakkab harbiy-siyosiy vaziyat saqlanib qolayotgan bir sharoitda mudofaa siyosati va xavfsizlik sohasida hamkorlik zarur ekanligi haqida gapirgan. Bu hamkorlikka qolgan davlatlar qo‘shiladimi? Rossiya va Xitoy bunga qanday reaksiya qilishi mumkin?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Kelajakda mintaqah uchun 2 ta xavf mavjud. Biri — Rossiya, ikkinchisi — Xitoy. Agar Markaziy Osiyo davlatlari harbiy kuchlarini birlashtirsa, Rossiya yoki Xitoyning tayziqlariga bardosh bera oladimi? Agar bardosh bera olmasak, turkiy dunyoda harbiy ittifoq masalasini ilgari surishimiz kerak. Misol uchun, Yevropani asosan NATO harbiy jihatdan himoya qiladi. NATOni esa AQSH moliyashtiradi. Shu jihatdan, Markaziy Osiyo davlatlari ko‘proq turkiy davlatlar bilan harbiy ittifoqni shakllantirishi kerak. Ya’ni Turkiya harbiy jihatdan potensial kuch bera oladi. Albatta, bu Rossiya yoki Xitoyga yoqmaydi. Ammo biz shuni amalga oshira olsak, mavjud xavflarni ancha oldini olamiz.
Qobiljon Isayev, iqtisodiy tahlilchi:
— To‘g‘ri, Turkiy davlatlar tashkilotida ko‘pgina kelishuvlar pishib qolgan. Ya’ni bordi-keldi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Lekin 10-15 yildan keyin Turkiya bizga “katta og‘alik” qilishni boshlamaydimi? Shu masala bor. Biroq Turkiyani bu darajaga yetgunicha biz ma’lum iqtisodiy foydalarimizni ko‘rib qola olamiz. Ammo bunga Tojikiston qarshi chiqishi mumkin. Ya’ni idealagik jihatdan Tojikiston turkiy dunyoga aralashmaydi. Sababi Tojikistonning siyosiy ongi boshqacha. Tojikiston ko‘proq Markaziy Osiyoning bir bo‘lishi tarafdori.
— Bugun o‘zaro integratsiyani 5 ta davlat birdek istamoqdami?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Bugun Markaziy Osiyo davlatlarining barcha rahbarlari tushunib yetdi-ki, bugun birlashuv zarur. Misol uchun, Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart-To‘qayev “muvaffaqiyatli Markaziy Osiyo — muvaffaqiyatli Qozog‘iston”, degan tezisni ilgari surdi. O‘zbekiston uchun ham tashqi siyosatda Markaziy Osiyo birinchi o‘rinda turadi. Boshqa davlatlar ham buni istamoqda. Lekin jiddiy siyosiy qarorlar qabul qilishda sustkashlik mavjud.
Qobiljon Isayev, iqtisodiy tahlilchi:
“O‘zbekiston uchun Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan muloqot qilish oson. Shaxsan men Turkmanistonning salobatli qadamlarini ko‘rmayapman”, deb javob berdi Qobiljon Isayev
— Birlashish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Qozog‘istonda og‘ir sanoat rivojlangan. Mis ishlab chiqarish borasida dunyooning kuchli 20 taligiga kiradi. Qozog‘iston misni asosan Rossiya va Qozog‘istonga eksport qiladi. Lekin O‘zbekistonda misni yarim mahsulot qiladigan, misni qayta ishlaydigan zavodlar mavjud. Ya’ni mintaqa davlatlarining iqtisodi bir-birini to‘ldiradi. Faqat shu imkoniyatlardan ratsional foydalanish kerak.
Qobiljon Isayev, iqtisodiy tahlilchi:
— Oybek aka to‘g‘ri aytdilar, 2014-yilda Qozog‘iston o‘zining lalmi yerlari orqali sifatli un yetishtirar edi. Lekin O‘zbekiston tegirmon biznesini shunday yo‘lga qo‘ydiki, Qozog‘istondan un olib, Afg‘onistonga sotdik. Ya’ni bu yerda umumiy manfaatlar bor.
Markaziy Osiyo davlatlari universitetlarining diplomlarini o‘zaro tan olish masalasi ko‘tarilmoqda. Bu orqali yoshlarni integratsiya qilishga umid bog‘lanmoqda. Lekin Yevropada qarish jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi muammo — yosh aqlning oqib ketishi bo‘lmoqda. Masalan qozoq yoshlari bilan suhbatlashganimda Yevropaga intilishni sezganman. Tojikiston yoshlarida esa Rossiyaga intilishni ko‘rganman. Shuning uchun ta’lim qarori Markaziy Osiyoni oyoqqa turg‘azadigan masala.
Jurnalist Sardor Ali suhbatni olib bordi
Izoh (0)