Isroil armiyasi 5-avgust kuni G‘azoda HAMAS harakatining batalyon qo‘mondoni Jobir Aziz, bir necha soat o‘tib esa Livan janubidagi havo hujumida “Hizbulloh” harakati qo‘mondoni Ali Jamol Aldin Javod ham halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Jobir Aziz bir kun avval, 4-avgust kuni G‘azo sektoridagi HAMAS qo‘mondonlik punkti joylashgan Hasan Salame va Nosir maktablariga berilgan zarba natijasida halok bo‘lgan. Qo‘mondon bilan birga boshqa harbiylar ham o‘ldirilgan. Aziz 2020-yildan beri HAMASning al-Furqon batalyoniga qo‘mondonlik qilib kelgan.
U 2023-yil oktyabr oyida Isroilga qarshi hujum rejalashtirgan va ularda ishtirok etgan, deydi Isroil armiyasi.
Livan janubidagi Ebba hududida “Hizbulloh”ning Radvan maxsus kuchlari qo‘mondoni Ali Jamol Aldin Javad ham o‘ldirilgan. Isroil armiyasi xabarga hujum aks etgan videoni ilova qilgan. Unda Isroil armiyasi harakatlanayotgan mashinaga hujum qilgani tasvirlangan.
Izoh (0)