Bangladeshdagi norozilik namoyishlari oqibatida 5-avgust kuni mamlakat bo‘ylab 109 kishi o‘ldirilgan. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, politsiyaning namoyishchilarga qator hududlarda o‘q uzishi oqibatida noroziliklar har doimgidan ham kuchayib ketgan. Mamlakatda hozirga qadar halok bo‘lgan fuqarolar soni 409 nafarga yetgan.
Dushanba kuni halok bo‘lgan fuqarolarning katta qismi poytaxt Dakkadan bo‘lgan. 98 nafar poytaxt fuqarosining jasadlari oilalariga topshirilgan. Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina isteʼfosidan keyin kuchaygan norozilik namoyishlari hali ham to‘xtamagan.
Harbiylar shaharlar bo‘ylab noaniq komendantlik soati joriy qilgan. Tartibsizliklarni to‘xtatish maqsadida mobil internet uzilgan, Dakkadagi bosh vazir Shayx Hasinaning qarorgohiga olib boruvchi yo‘llar yopib qo‘yilgan.
Hukumatning yon berish haqidagi vaʼdalariga qaramay, na poytaxtda va na qo‘shni viloyatlarda tartibsizliklar to‘xtayapti. Avvaliga adolatsiz mehnat kvotasini bekor qilishni talab qilgan olomon endilikda hukumatning to‘liq yangilanishini so‘ramoqda. Mamlakat elitasining katta qismi mamlakatni tark etib, Hindiston hamda Nepalga qochgan.
Oldinroq Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina mamlakatdan qochgani maʼlum qilingan edi. U dastlab Dehlidagi Hindon aviabazasiga kelib tushgan. Endilikda esa Londonga qochishga urinayotgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)