Toshkentdagi ikkinchi gastronomik ko‘chani tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlanish arafasida, deb xabar beradi Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 15-iyuldan Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlanadi. Shu munosabat bilan 13-iyul kuni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov ushbu ko‘chada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgan.
Hokim uchrashuv avvalida Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan poytaxt ko‘chalarida jozibador va serqatnov turizm hamda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida 24/7 rejimda ishlovchi ko‘ngilochar ko‘cha tashkil etish belgilangani haqida gapirdi.
Mazkur turistik ko‘chaning ishga tushirilishi tadbirkorlarning daromad manbaining oshishiga xizmat qilishi taʼkidlangan. Tadbirkorlar turistik ko‘cha loyihasi bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olgan.
15-iyuldan boshlanadigan ishlar davomida Taras Shevchenko ko‘chasida yoritish ustunlarini o‘rnatish, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini o‘rnatish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar o‘rnatish, fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yo‘laklari, veloyo‘laklar va zamonaviy o‘rindiqlar tashkil etish, bolalar o‘yingohi va ko‘rgazmali sahna o‘rnatish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Toshkent shahar hokimligi mart oyida Yashnobod tumanida birinchi gastronomik ko‘chani tashkil etish borasidagi rejalari bilan bo‘lishgandi. O‘shanda poytaxtning sakkizta tumani hududida hunarmandlar va gastroturizm uchun zonalar yaratilishi aytilgan edi.
Izoh (0)