Toshkent shahri Uchtepa tumanida boshqaruv servis kompaniyasidagi talon-torojlik fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda tumandagi “K.CH.” va “B.” mahallalari aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi “A.K.” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi masʼul shaxslari 2022-yildan 2024-yil iyulga qadar aholidan yig‘ilgan jami 1,6 milliard so‘m mablag‘lar sarflangani haqidagi chek, schyot-faktura, yo‘l varaqasi, qayta hisob-kitob qilish va bajarilgan ishlar haqidagi dalolatnomalarni rasmiylashtirmagani, shuningdek, MCHJ hisob raqamiga kirim qilingan 604,4 million so‘mni naqd ko‘rinishda olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda ish haqi va nafaqa pullarining 3,7 mlrd so‘mi talon-toroj qilingani aniqlangani, Sirdaryoda bog‘cha rekonstruksiyasi uchun ajratilgan imtiyozli kreditning bir qismi talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)