Pokistonda so‘nggi haftada jazirama issiq tufayli vafot etganlar soni salkam 600 nafarga yetgan. Bu haqda Pokiston sog‘liqni saqlash birlashmalari eʼlon qilgan bayonotga asoslanib, BBC xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Pokistonda o‘ta issiq muhit va magnit bo‘ronlarining muntazam kuzatilishi oqibatida salomatlik muammolariga uchrab vafot etayotganlar soni ko‘paygan. So‘nggi 6 kunning o‘zida 568 ta o‘lim holati ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Eng ko‘p o‘limlar mamlakat janubida, Karachi shahrida kuzatilgan. Shahar kasalxonasida kuniga 30-40 ta o‘lim holati qayd etilayotgani bildirilgan.
So‘nggi 6 kunlikdagi eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichi 26-iyun kuni kuzatilgan. Shu kuni mamlakat bo‘ylab jami 141 fuqaro halok bo‘lgan.
Pokiston janubida hozirda kunlik o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha 40 gradusdan pastga tushmayotgani aytilgan. Havodagi namlik miqdori esa keskin oshib ketgan.
Issiqlik urishidan murojaat qilgan bemorlarning aksariyati 60 yoshdan yuqori shaxslar ekani aytilgan. Bemorlarda asosan qusish, diareya va yuqori isitma kabi holatlar kuzatilgan.
Tahlilchilar o‘ta issiq muhitni iqlim o‘zgarishi bilan baholagan. Ushbu issiq havo massalari yana bir hafta davom etishi aytilgan. Shu bilan birga, iyun oyi boshida boshqa bir jiddiy muammo — meʼyordan ortiq yomg‘ir yog‘ishidan ogohlantirilgan. Yillik meʼyordan 60 foizga ko‘proq yog‘ingarchilik suv toshqinlariga sabab bo‘lishi aytilgan.
Izoh (0)