Shavkat Mirziyoyev Darband va Mahachqal’a shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
O‘zbekiston yetakchisi Dog‘istondagi terrorchilik hujumlarini qatʼiy qoraladi hamda ushbu tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyorligini bildirdi, — deyiladi xabarda.
23-iyun kuni Dog‘istonning Darband shahrida qurollangan noma’lum shaxslar sinagoga va cherkovga hujum qildi va politsiya xodimlariga o‘q uzdi. Dog‘iston Ichki ishlar vazirligi hujum oqibatida 6 nafar politsiyachi halok bo‘lgani, 12 nafari yaralangani haqida xabar berdi. Shimoliy Osetiyadagi xavfsizlik kuchlari Dog‘istondagi voqealardan so‘ng kuchaytirilgan xizmat rejimiga o‘tkazildi.
Keyinroq Darband va Mahachqal’ada qurolli hujum uyushtirgan olti nafar jangari o‘ldirilgani ma’lum qilindi. Dog‘istonda 15 dan ortiq politsiyachi hujum qurboniga aylangan. Hozirda yo‘q qilingan jangarilarning sheriklarini qidirish davom etmoqda.
Izoh (0)