Meksikada Falastinni qo‘llab namoyishga chiqqan fuqarolar mamlakat poytaxtidagi Isroil elchixonasiga o‘t qo‘ygan. Bu haqda Markaziy Amerika manbalariga tayanib, Free Press Journal nashri xabar bergan.
Meksikadagi mahalliy nashrlar hodisa chorshanba kuni yuz berganini maʼlum qilgan. Namoyishchilar yoqilg‘i to‘ldirilgan shisha idishlarni elchixona binosiga uloqtirib, uni yoqib yuborishgan.
29-may kuni Meksika poytaxti Mexikoda Falastin tarafdorlarining g‘alayoni yuzaga kelgan. Namoyishchilar Isroildan Rafahdagi operatsiyani to‘xtatishni talab qilishgan. Hukumatni Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirgan shiorlar ko‘tarilgan.
Isroil elchixonasi atrofida yuz bergan tartibsizlikda kamida 200 nafar fuqaro ishtirok etgani aytilgan. Ular “Molotov kokteyli”dan foydalanib, elchixona devorlari ostiga o‘t qo‘ygan.
Namoyishchilar yo‘llarni to‘sib qo‘ygani bois politsiya voqea joyiga tezda yetib kelolmagan. Namoyishni bostirish paytida hibsga olish holatlari bo‘lgani xabar qilingan.
Izoh (0)