Afg‘onistonning Nangarhor viloyatida 1-iyun kuni daryoda qayiq cho‘kib ketishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda AVA Press nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, baxtsiz hodisa Nangarhor viloyatining Mohmandara tumanida ro‘y bergan. Yo‘lovchilar qayig‘i nosoz holatda bo‘lgani bois cho‘kib ketgan.
“Tolibon” hukumatining Nangarhor viloyatidagi Axborot va madaniyat departamenti 1-iyun kuni hodisa yuzasidan maxsus axborot byulleteni chop etgan. Unda halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham borligi maʼlum qilingan.
Ayrim mahalliy manbalar ko‘ngilsiz hodisa Mohmandara tumanining Bazel deb atalgan hududida sodir bo‘lganini bildirgan. Halokatga uchragan qayiqda 25 yo‘lovchi bo‘lgan, ularda faqat 5 kishi suvdan tirik chiqqan.
Bazel hududida daryoni kesib o‘tishga imkon beradigan ko‘prik yo‘qligi xabar berilgan. Mahalliy aholi shu boisdan ham ko‘pincha uni qayiqlarda suzib o‘tadi.
Rasmiylar hodisada omon qolganlarga yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan. Nangarhor viloyati maʼmuriyati halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan.
Izoh (0)