“Daryo” nashriga kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 23-maktab direktori maktabga tegishli bo‘lgan eski isitish qozonxonalarni olib chiqib sotib yuborgan. Holat yuzasidan Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati izoh berdi.
Xatlov jarayonida har biri 31,5 million so‘m bo‘lgan 3 dona isitish qozoni, 2017-yildagi davlat dasturi asosida mukammal ta’mirdan chiqarilgan vaqtda o‘rnatilgan 2 dona 100 kvt isitish qozonlari maktabda mavjud emasligi aniqlangan.
Maktab direktori U.Usmonov maktabning xo‘jalik ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.Tillayevning maslahatiga asoslanib, maktabga yangi zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatilganligi va yaroqsiz deb olib tashlangan isitish qozonxonalarini maktab obodonlashtirish ishlariga sarflash uchun olib chiqilgan, — deyiladi vazirlik axborotida.
Tahririyat ixtiyorida bo‘lgan, maktab direktori U.Usmonovning o‘z qo‘li bilan imzolangan dalolatnomada direktor hech kimga aytmay isitish qozonlarini maktabdan olib chiqib ketgani va sotib yuborgani zikr etilgan.
Vazirlikni aniqlik kiritishicha, isitish qozonxonalari maktabga qaytarib olib kelib qo‘yilgan. Lekin direktorga bu qilmishi uchun qanday chora ko‘rilgan yoki ko‘rilmagani ochiqlanmagan.
Izoh (0)