Moskva sudi sochlarini ko‘k va sariq rangga bo‘yagan moskvalik 25 yoshli Stas Netesovni 50 ming rubl (taxminan 550 dollar) miqdorida jarimaga tortdi, deya xabar berdi “Mediazona”. U Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirish”da ayblangan.
Aprel oyi oxirida Netesovning o‘zi politsiyaga ariza yozish uchun kelgan. U Moskva markazidagi avtobus bekatida hujumga uchragani, noma’lum shaxslar uning tishini urib sindirib, telefonini o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.
Biroq politsiyadagilar yigitning sochlari rangini ko‘rib, uning o‘ziga qarshi “armiyani obro‘sizlantirish” moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzdilar.
Protokolda aytilishicha, Netesov “Ukraina davlat bayrog‘idagi kabi sariq va ko‘k rangga bo‘yalgan sochlari orqali vizual targ‘ibot vositasini namoyish etgan” va shu bilan Rossiya armiyasiga salbiy munosabat bildirgan.
Shuningdek, xavfsizlik kuchlari Netesovning barmoq izlarini ham olib, harbiy xizmatga majburligini unga aytib, chaqiruv qog‘ozi topshirishgani ham ma’lum qilingan.
Netesovning o‘zi sudda “na Ukraina rejimini, na Rossiya Qurolli kuchlarining harbiy mudofaa kuchlarini” qo‘llab-quvvatlamasligini va soch turmagi bilan hech narsa ifodalashni istamasligini aytdi. U bir necha yil davomida sochlarini turli xil yorqin ranglarga bo‘yab yurganini ham qo‘shimcha qilgan. Biroq sud uning bu gaplarini inobatga olmagan.
Izoh (0)