Qushning ham ini buzilmasin... Dono xalqimiz duolarida ko‘p bor tilga oladigan bu gapda chuqur ma’no bor. Zero, ajrim, oilaviy parokandalik achinarli va azobli hol. Hayotda shunday vaziyatlar ham bo‘ladiki, tugatmaslik, nuqta qo‘ymaslikning hech iloji qolmaydi. Xususan, oiladagi zo‘ravonlik, o‘zaro munosabatlarda bir odamning boshqasiga zug‘um va ruhiy bosim o‘tkazishi bilan bog‘liq vaziyatlarga duch kelinishi mumkin. Tugatish, nuqta qo‘yish deganda faqat erkak va ayol, er va xotin munosabatlariga yakun yasalishinigina tushunmaslik kerak, bizningcha. Chunki maishiy zo‘ravonlikning shakllari, turlari ko‘p. Unga har qanday holatda ham chek qo‘yish zarur. “Daryo” muxbiri mazkur mavzuda mutaxassislar – psixolog Feruza Alimova hamda psixoterapevt Dilmurod Anvarov bilan suhbatlashadi.
— Markaziy Osiyo, balki jahonning ko‘plab mamlakatlarida bir voqea keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. U ham bo‘lsa, Qozog‘iston Respublikasining sobiq iqtisodiyot vaziri sodir etgan jinoyat, ya’ni uning o‘z rafiqasini qiynoqqa solib, azoblab o‘ldirgani va shu voqea bilan bog‘liq sud jarayonlaridir. Ochiq translyatsiya qilingan ushbu jarayon, jumladan, Beshimbayevning aybi isbotlanib, 24 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Millionlab odamlar sudni kuzatdi va mazkur mavzu yuzasidan turli fikrlar bildirildi. Ushbu ayanchli voqeaga sizning ham e’tiboringizni qaratgan holda bir narsani ochiq aytishimiz mumkinki, bunday holatlar faqat O‘zbekiston yoki Qozog‘istonda emas, balki ayollarga, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, umuman maishiy zo‘ravonlik dunyoning istalgan mamlakatida kuzatilmoqda. Shu ma’noda masalaga kengroq nazar tashlagan holda avvalo, shu jinoyatni sodir etgan Quvondiq Beshimbayevni oladigan bo‘lsak, ko‘plab mutaxassislar, psixologlar, psixoterapevtlar unga abyuzer, narsiss, shizofrenik, psixopat kabi tavsiflarni berayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Qiziq, uning shunday ekanligini oilasidagilar, yaqinlari sezmaganmidi? O‘zi umuman, bunday odamni oldindan bilish, ajratib olish mumkinmi? Abyuzerning o‘ziga xos belgilari bormi?
Feruza Alimova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi bo‘lim boshlig‘i:
— Eng avvalo, so‘zimizni “maishiy zo‘ravonlik o‘zi nima?”, degan savolga javob berishdan boshlasak. Butun jahonda bu boradagi tushunchalar turlicha. Psixologik jihatdan olib qaralsa, zo‘ravonlik deganda, o‘zidan ko‘ra zaifroq odam yoki qurbonni urish va kaltaklashgina tushunilmaydi. Katta taqiqlar qo‘yish, yaqinlar bilan munosabatlarni cheklash, o‘qish va ishlashga ruxsat bermaslik, moddiy cheklovlar, hatto so‘kinish-u behayo hazillar qilish ham zo‘ravonlik belgisidir.
Lekin ko‘pchilik, ya’ni nafaqat bizning Sharq madaniyatida, balki G‘arbda ham jismoniy jarohat yetkazishdan boshqasi zo‘ravonlik belgisi sanalmaydi. Umuman olganda, zo‘ravonlik – murakkab tushuncha. Biz faqat og‘ir holatlar: qurbonga sezilarli darajada jismoniy, moddiy, ma’naviy zarar yetkazilgan paytda, ya’ni psixologik-emotsional zo‘ravonlik qilingan paytdagina abyuziv holatni qayd etamiz. Aslida esa bu anchayin keng qamrovli tushuncha. Faqatgina erkaklarning ayollarga yoki ota-onaning farzandiga emas, aksincha, farzandlarning ota-onasiga, ayollarning erkaklarga nisbatan, qolaversa, ishxonada rahbarning xodimlarga, do‘stlarning bir-biriga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ham ko‘p uchraydi. Bunday odamlarni bilish, tanish mumkinmi? Ochig‘i, bu juda murakkab yumush.
Ularning shaxsiga oid xususiyatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, tashqaridan qaraganda, bu odamlar o‘zini hamma qatori tutadi va ulardagi zo‘ravonlik belgilari umuman sezilmasligi mumkin. Abyuzerning xulq-atvori murakkab shaklga ega. Deylik psixopatik xarakter o‘ziga xos xususiyatlari bilan namoyon bo‘lsa, abyuzer aksincha, tashqaridan ideal ko‘rinishga harakat qiladi. Ko‘p hollarda bunday oilalarning tashqi fasadi chiroyli bo‘ladi va yon-atrofdagilar bu oilada nimalar yuz berayotganidan bexabar qoladi.
Dilmurod Anvarov, Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi vrach-psixiatri:
— Abyuz so‘zi ma’no jihatidan suiiste’mol qilish, haqoratlash, bosim o‘tkazish degan so‘zlarga yaqin. Abyuziv holat ikki xil tamoyilga asoslanadi hamda unda agressor va qurbon ishtirokini kuzatish mumkin.
Agressor qurbonini shu darajada nazorat qilishga o‘tadiki, natijada uning moliyaviy ahvoli, qadr-qimmati, hayotidagi muqaddas tushunchalar oyoqosti bo‘la boshlaydi. Zo‘ravon o‘z qurbonining shaxsini haqoratlashi yoki uni to‘liq inkor qilishi, juda qiyin holga solishi mumkin. Yana bir muhim jihat borki, abyuzerlikda davriylik kuzatiladi, ya’ni ba’zi bir paytda agressiya kuchayib, ba’zan tinchlik, sokinlik hukm suradi. O‘sha paytda qurbonning o‘zi ham o‘ylab qoladi: “Bu odam kasalmi yoki sog‘? U menga nisbatan mehrlimi yo qahrli?”. Bunday tinchlik bosqichi shartli ravishda “asal oyi” deb ham ataladi. Bu davrda shu qadar tinchlik hukm suradiki, qurbon abyuzer haqida shunday xayolga boradi: “Men unga kerakman, yonida bo‘lishim zarur, endi hammasi o‘zgaradi, u meni qadrlaydi...”. Yana bir muhim jihati — abyuzer shaxslar o‘zini shu qadar bechorahol, kamtarin qilib ko‘rsatadi-ki, qurbon uning yaxshi tomonga o‘zgargani, xushmuomalaligi yoki boshqa bir ijobiy jihatlariga ishonib, ketish fikridan qaytaveradi.
Feruza Alimova:
— Shu o‘rinda bu ishni ular atayin qiladimi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Aslida, ular o‘zini atayin bunday tutmaydi. Abyuzerlar, odatda, agressiv harakatlar qilayotgan paytda ham samimiy, yurakdan qiladi bu ishni. Xuddi shuningdek, “asal oyi”da ham sovg‘alar berish, hamma narsaga ruxsat etish, yaxshi gapirishi samimiy bo‘ladi. Shu bois, buning nima ekanini na tashqaridagilar va na qurbon seza oladi. Abyuzer har gal qurbonini urib, kaltaklab, hamma yog‘ini ko‘kartirib bo‘lgach, o‘zgaraman deb va’da beradi, kechirim so‘raydi. Tabiiyki qurbon ham bunga ishonadi.
Dilmurod Anvarov:
— Yana bir tomoni bor: zo‘ravon shaxs o‘zgaraman deyishdan avval hamma aybni qurboniga to‘nkaydi, “Meni shu darajaga olib kelgan sen, mening hislarim bilan o‘ynashmaganingda yoki quyushqondan chiqishimga majbur qilmaganingda, qo‘l ko‘tarmas edim, haqoratlamas edim”, — deydi.
— Qozog‘istondan translyatsiya qilingan onlayn sudni kuzatish davomida juda ko‘pchilik sudlanuvchining ota-onasini aybladi. Shunday farzand katta qilgan, unga yomon tarbiya bergan, degan mazmundagi fikrlar bildirildi. Ammo o‘ylab qarasak, hech bir ota-ona farzandim jinoyatchi bo‘lsin, birovning hayotiga nuqta qo‘ysin, demaydi. Faqat tarbiyada bilib-bilmay qandaydir xatolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Sud jarayonida Quvondiq Beshimbayevning emotsiyasiz so‘zlashi, o‘zini qalbsiz odamdek tutishi, rosti, hayratlanarli. Buni hatto prokuror ham sudda qayd etdi: “Men ko‘p yillik faoliyatim davomida bunday qalbsiz odamni ko‘rmaganman”, deya. Sizningcha-chi, bunday emotsiyasiz, qalbsiz odamlar qanday oilada voyaga yetadi? Bu ota-onaning aybimi yoki jamiyatning?
Feruza Alimova:
— Abyuzer shaxsning shakllanish jarayoni juda murakkab. Bu shaxsning xususiyatlari, psixofiziologiyasi, tarbiya modeli, atrof-muhit ta’sirida shakllanadigan tushunchalarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun ham falonchi abyuzer bo‘lib qoladi, deya oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi. Ammo asosiy omillar bor. Birinchidan, ota-onaning xulq-atvori. Agar bola ota-onasida xuddi shunday xulq-atvor va shu modeldagi munosabatlarni ko‘rgan bo‘lsa, unda bu bir variant sifatida ong ostida qoladi, ya’ni shu shaxsning zo‘ravon bo‘lishi ehtimoli kuchayadi. Ma’lumki, bolalar voyaga yetishi jarayonida o‘ziga xos komplekslar yuzaga keladi, o‘ziga past yoki yuqori baho berish kabilar shular jumlasidandir. Odamning qanchalik yetuk shaxs ekanligi, agressorlik darajasi, o‘z muammolarini mustaqil hal qilish strategiyasi – bularning bari asta-sekin shakllanadi. Va nihoyat, jamiyatdagi tushunchalar bor, masalan, men erkak kishiman, erkak kishi ustun bo‘lishi kerak, aytganim so‘zsiz bajarilishi shart degan stereotipni olaylik. Ustiga-ustak bu odam mas’uliyatni zimmasidan soqit qiladiganlar xilidan, deylik. Odatda, bundaylar (ya’ni, agar erkak kishi shunday bo‘lsa) ayolini kaltaklaydi-da, “Sen yaxshi bo‘lganingda men shunday qilmasdim, xotin kishi tilidan topadi”, deya mas’uliyatni o‘zidan soqit qiladi. Shuningdek, abyuzerning shakllanishida unga o‘zga odam tomonidan zo‘ravonlik qilingani ham variantlardan biri sifatida rol o‘ynaydi. Masalan, bola katta bo‘layotganda otasi yoki onasida xuddi shunday holatni ko‘rgan bo‘lsa, ya’ni subyektiv ravishda adolatsizlik hissi bo‘lsa, alamini xotinidan, bola-chaqasidan olishi mumkin.
— Dilmurod Isroilovich, ayting-chi, bunday odamlarni qanday davolash mumkin?
Dilmurod Anvarov:
— Umuman, kasb nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, psixokorreksiya usulini aytishimiz mumkin. Bunda nosog‘lom munosabatlarga tuzatish kiritiladi. Ya’ni, abyuziv munosabatlar to‘g‘ri emasligi, oila kelajagi bilan bog‘liq bashoratlar murojaat etuvchiga turli usullar bilan tushuntiriladi. Bu tuzatsa bo‘ladigan holat, darajasiga qarab korreksiyalash mumkin. Ammo biz oiladagi zo‘ravonlik yuzasidan murojaat qiladigan bemorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bu munosabatlarni tugatish yoki davom ettirish haqida maslahat bermaymiz. Faqat shu shakldagi munosabatlar davom ettirilsa nima bo‘ladi-yu, tugatilsa nima yuz beradi, shu haqida tushuncha beramiz. Hal qiluvchi qaror murojaat etuvchining o‘zida qoladi.
Abyuzerlik, narsissizm kabi holatlar bo‘yicha murojaatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘pincha, erkaklarga nisbatan ayollar oilani saqlab qolishga harakat qilishadi. Ya’ni, ayol turmush o‘rtog‘ini olib keladi va ular bilan suhbat o‘tkazib, psixokorreksiya usullarini qo‘llaymiz, natijada ahvol birmuncha yaxshilanadi. Lekin qancha muddatga qadar yaxshi bo‘lishi noma’lum.
— Yetarlicha mehr berish, e’tiborli bo‘lish va mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda yoki kitoblar yordamida bolani tarbiyalash — bular abyuzer shakllanishining oldini olishga xizmat qiladimi?
Feruza Alimova:
— Albatta, inson har qanday fiziologiya bilan tug‘ilgan taqdirda ham uni yaxshi tarbiyalab, mehr bilan kamolga yetkazish mumkin. Mehr qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan narsa, nima o‘zi u, qayerda bo‘ladi, necha gramm u, degan savollarga javob topa olmaymiz, albatta. Zero, bu abstrakt tushuncha. Mehrning psixologiyada o‘z punktlari, omillari bor. Birinchi navbatda, bolaning salomatligi, sog‘lom o‘sishiga bo‘lgan e’tibor – kasalini vaqtida davolash, vaqtida shifokorga ko‘rsatish, tobi qochsa, bezovta bo‘lish kabilar. Ikkinchisi, uning shaxs sifatida rivojlanishi, o‘qishi, repetitorga borishi, sport to‘garaklariga qatnashi haqida g‘amxo‘rlik, uning hayoti bilan qiziqish va bu jarayonda ishtirok etish. Uchinchisi, do‘stlari kim, qayerga boryapti, nimaga qiziqadi – shular bilan qiziqish. To‘rtinchisi, emotsional iliqlik, bolaning yonida o‘tirib uni quchish, o‘pish, erkalash, suhbatlashish, yaxshi gaplarni aytish, shaxs sifatida uni tan olish, ishonch bildirish. Mehrning asosiy komponentlari shu. Qayerdadir xato, kamchilikka, bilib-bilmay deprevatsiyaga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, psixologga murojaat qilgan ma’qul. Agar ota-onaning o‘zi buni tushunmasa, aynan mutaxassis yuqorida aytilgan punktlar bo‘yicha ular bilan ishlaydi. Faqat ota-ona buni vaqtida anglab, mutaxassisga murojaat qilishi kerak.
Suhbatning to‘liq shaklini “Daryo” ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)