O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan “Asakabank” xususiylashtiriladi.
2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Forumda nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab xususiy banklar ochilganini, Yevropaning yetakchi banklari kirib kelganini, qator raqamli banklar o‘z faoliyatini amalga oshirayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.
“Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz”, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bank tizimini isloh qilish strategiyasiga ko‘ra, “Ipotekabank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank”, “Qishloqqurilishbank” va “Turonbank”dagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.
Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda 6 ta tijorat banki, shu jumladan, “Asakabank”ni xususiylashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik boshlaganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)