Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyesus Isroil rahbariyatini Rafahda quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish g‘oyasidan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, Rafahga bostirib kirish “gumanitar falokatga” olib keladi.
Biz Isroilni bunday harakatlarini davom ettirmaslikka chaqiramiz. Barcha tomonlardan o‘t ochishni to‘xtatish va mustahkam tinchlikka erishish uchun harakat qilishni so‘raymiz, — dedi Gebreyesus X ijtimoiy tarmog‘ida.
Tegishli bayonot BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) bosh komissari Filipp Lazzarini bilan uchrashuvdan so‘ng e’lon qilindi. Yig‘ilishda G‘azo sektoridagi gumanitar blokadani bekor qilish choralari, shuningdek, anklavda kasalliklarning tarqalish xavfi muhokama qilingan.
30-aprel kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil harbiy kuchlari garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan olib borilgan muzokaralar natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, G‘azo sektoridagi Rafah shahrida operatsiya o‘tkazishini aytdi. Shuningdek, u Isroilga “HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonish uchun” Rafahdagi operatsiya zarurligini taʼkidladi.
29-aprel kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida Falastin guruhiga 40 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni almashish taklif qilingan. AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqa koordinatori Jon Kirbining aytishicha, HAMASning kelishuvga roziligi Isroilning Rafahdagi operatsiyasini kechiktirishi mumkin.
Izoh (0)