Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Faustin-Archanj Tuadera mamlakat hududida Rossiya harbiy bazasi joylashtirilishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.
MAR prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu qadam mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Milliy qurolli kuchlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Hozirda Markaziy Afrika Respublikasi hukumati mamlakatning sharqiy hududlarini Rossiya harbiy bazasini joylashtirish uchun manzil sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu ushbu hududlarda mamlakat chegaralari xavfsizligini taʼminlashga yordam berishiga ishonilmoqda.
“Men sharqiy mintaqadan bu maqsadda foydalanish mumkin, deb hisoblayman, chunki u juda katta. U markazdan juda uzoq va u yerda juda ko‘p salbiy kuchlar mavjud. Bu tadbirimiz chegaralarni himoya qilishga, kuchlarimizni himoya qilishga va o‘sha hududlarda xavfsizlikni taʼminlashga yordam beradi. O‘ylaymanki, Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish jarayonida biz bu vaziyatni tahlil qilamiz”, — degan prezident o‘z mamlakatida joylashtirilayotgan Rossiya harbiy bazasi istiqbollarini sharhlar ekan.
Tuadera Markaziy Afrika Respublikasi keng ko‘lamli xavfsizlik muammolariga duch kelayotganiga eʼtibor qaratgan. Shuning uchun muntazam ravishda xorijiy harbiy bazalarni joylashtirishni rejalashtirmoqda.
“Bizning hududimizda ko‘p yillar davomida fransuz bazalari bor edi. Fransiya ularni o‘z ixtiyori bilan bo‘shatib berdi. Keyin Oboda AQSH bazasi joylashtirilgandi. Amerikaliklar undan bir tomonlama chiqib ketishni maʼqul ko‘rdi”, — degan MAR prezidenti.
Izoh (0)