Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida yashovchi 33 yoshli I.N. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, bank kartasidan 12 mln 150 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari nomaʼlum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 27 yoshli D.X. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan D.X. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunidagi xabar (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qo‘lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o‘g‘irlab, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, D.X.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)